Onasi futbolchi bo'lgan, jinsiy zo'ravonlik sababli qamalgan, muhtojlarni qo'llaydigan "Dinamo"ning yangi legioneri bilan tanishamiz

  • Mr.NoBoDy 10.02.2026 01:24
  • 5518
  • 30

Shuningdek, sevimli o'yinchisi Eden Azar bo'lgan 31 yoshli hujumchi Shveciyada bir necha marta haydovchilik guvohnomasisiz avtomobil boshqargan.

Kingsli Sarfo 1995 yil 13 fevralda Ganada tavallud topgan. Onasi futbol bilan shug'ullangani sababli qizlar jamoasida dastlabki saboqni olgan Kingsli shakllanishni "Enoke Stars"da davom ettirgan.

Oyim futbolchi bo'lgan. U Gana ayollar terma jamoasida o'ynagan va bazi klublarda to'p tepgan. Shu bois futbolga qiziqishimga oyim sababchi bo'lgan. Uning sobiq klubi "Eshtaun Ledies" deb atalardi. Futboldagi ilk qadamlarimni qizlar bilan qizlar jamoasida boshlaganman. U paytda judayam yosh edim. Keyinchalik o'g'il bolalar jamoasi – "Enoke Stars"ga o'tdim. So'ngra Shveciyadan Ganaga skautlar keldi va meni tanlab olishdi. "Coast Team"dan Akosombodagi "Golden Boot" akademiyasiga o'tkazishdi. U erdan esa yo'lim Shveciyaga tushdi va professional faoliyatimni boshladim.

Skautlar Ganaga kelgan payt yoshim talabga to'g'ri kelmasdi. O'sha paytda 14-15 yoshlarda kichik jussali bola edim. Ular esa 18 yoshlilarni izlashgan. Tasodifan o'zimdan kattalar bilan o'ynayotganimni ko'rib qolishdi va meni tanlashdi. Ganada ular bilan yashadim, mashg'ulot o'tkazdim va 18 ga to'lishim arafasida Shveciyaga olib ketishdi.

Shu tariqa, 18 yoshida professional futbolchiga aylangan Sarfo "Rozengard", "BW 90", "Sirius" va "Malmyo" klublarida to'p tepdi.

"Sirius"dagi yorqin mavsumdan so'ng, Sarfoga amaldagi chempion – "Malmyo" tomonidan taklif tushdi. "Sirius" 1,5 million evro talab qilayotganiga qaramay, futbolchi klub bilan shaxsiy shartnoma shartlarini kelishib oldi. Sarfoning agenti takidlashicha, uning mijozi faqat "Malmyo"ga o'tishni xohlagan. Sababi, u Shveciya fuqaroligini olishi uchun yana bir yil kerak edi, shu bois u xorijga ketishni istamadi, bundan tashqari, Chempionlar ligasida o'ynashni maqsad qilgandi.

Shveciyaga borganimda, muhit sababli moslashish juda qiyin bo'lgan. Bilasizmi, u er juda sovuq. Madaniyat boshqacha. Shuning uchun boshida oson kechmadi. Keyinchalik ko'nikib ketdim va hammasi normal holatga aylandi.

2017 yil 30 sentyabrda Sarfoni bir holatda zo'rlashga urinish va ikki holatda voyaga etmagan shaxs nomusiga tegish ayblovi bilan hibsga olish talab qilindi. Hibsga olinishi natijasida Sarfo "Malmyo" o'yinlaridan chetlatildi, biroq 2018 yil 11 yanvarda sud jarayoni yakunlanishini kutish maqsadida bu taqiq vaqtincha olib tashlandi.

2018 yil 31 yanvarda esa Sarfo besh holatda voyaga etmaganlarni zo'rlashda gumonlanib, Shveciya policiyasi tomonidan qayta hibsga olindi. 2018 yil 8 iyunda u ikki yil-u sakkiz oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bundan tashqari, unga 150 000 shved kronasi miqdorida jarima solindi va qamoq jazosini o'tab bo'lgach, mamlakatdan deportaciya qilinishi belgilandi. Sarfo kamroq – 1 yil-u 10 oy qamoqda o'tirdi.

Oson bo'lmadi. Juda qiyin edi. Policiya bo'limida edim, jinoyatchi emasman deb o'ylardim. Men faqat futbolchi edim. Qamoqxonada ham mashg'ulot o'tkazdim. O'zimga so'z berdim: baribir qaytaman. Qamoqxona soqchilari hayron qolishardi, ular ishimni kuzatib borishgan ekan. Ularning o'zlari ham aybdor emasligimni bilishardi. "Bu shunchaki siyosat, sening ishing siyosiy ish bo'lib ketdi," deyishardi ular.

Tushkunlikka tushdim. Futbolchi uchun bu o'lim bilan barobar. Qamoqda sharoit yomon emasdi, televizor bor edi, ovqat berishardi, lekin erkinlik yo'q edi.

Shuningdek, 2017 yil davomida Sarfo Shveciyada bir necha bor amaldagi haydovchilik guvohnomasisiz avtomobil boshqargan. Shveciya qonunchiligiga ko'ra, buning uchun olti oygacha ozodlikdan mahrum etish jazosi qo'llanilishi mumkin. Ammo Sarfo klub tomonidan hech qanday intizomiy jazoga tortilmadi.

"Olimpiakos Nikosiya" sport direktori unga ikkinchi imkoniyat berganidan so'ng, Sarfo ikki yillik tanaffusdan keyin futbolga qaytdi. U klubdagi birinchi mavsumidayoq porlab, jamoani kuchli oltilikka va 30 yildan so'ng ilk bor kubok finaliga olib chiqdi. Uning shartnomasi yaxshilangan holda 2023 yilgacha uzaytirildi va klub sardori etib tayinlandi.

Uyda edim, agentim qo'ng'iroq qildi. Aslida Saudiya Arabistonidan variantlar bor edi va deyarli yo'lga chiqqandim. U menga qo'ng'iroq qilib, Kiprda ekanligini, u er juda yaxshi joyligini, odamlari ajoyibligini va bir klub borligini aytdi... bu "Olimpiakos" edi. U kelishimni juda xohladi. "Mayli, imkoniyatdan foydalanib ko'raman", dedim, chunki Kipr haqida eshitgandim, lekin bormagandim. Yangi sarguzasht xohladim. Shunday bo'ldiki, tunda qarorimni o'zgartirdim, chunki aslida Arab davlatiga ketayotgandim.

2022 yil yanvar oyida Sarfo APOEL safiga ijara asosida qo'shildi. 26 iyunda esa u klub bilan uch yillik shartnoma imzolab, jamoaning to'laqonli azosiga aylandi. 

Agentim bilan kelajagim uchun nima yaxshiroq ekanligini, olg'a bosiladigan yo'lni va bu kelgusida bizga nimalar berishi mumkinligini muhokama qildik. "APOEL" eng yaxshi echim degan xulosaga keldik. 

2025 yilning iyun oyida Sarfo shartnoma muddati yakunlangani sababli klubni tark etib, erkin agent maqomini oldi.

Sarfo 2017 yilda Gana terma jamoasi safida Ugandaga qarshi uchrashuvda debyut qildi.

Sevimli klubim – "Chelsi". Lekin bolaligimda hamisha "Barselona"da o'ynashni orzu qilganman. Kumirim Eden Azar edi. Keyingisi – Messi. Shuningdek, Inestaning o'yin uslubini yaxshi ko'raman.

Futbolchi bo'lmaganimda, ehtimol, musiqachi bo'lardim. Maydondagi g'oyalarimni yoshlarga singdirishni xohlayman. Balki murabbiy yoki skaut bo'lishni istarman. Chunki menda shunday "ko'z" bor, agentim uchun bazi o'yinchilarni tahlil qilganman (topib berganman) va ular bu sohada eng yaxshilardan biriga aylanishgan. Shveciyada bir professional murabbiy bor, agar u biror o'yinchi xohlasa, o'sha o'yinchi haqida fikrimni so'raydi.

Kingsli Ganada bolalarga yordam beradigan xayriya fondini qo'llab-quvvatlaydi.

Ishni kengaytirib, ulkan loyihaga aylantirmoqchiman. Shu bois, "Kingsli Sarfo fondi"ni tashkil qilyapman. Bu fond faqat bolalar uchun emas. Umumiy manoda. Yani, bazi narsalarga qurbi etmaydigan odamlar uchun. Kasal bo'lganda shifoxona to'lovlarini to'lay olmaydigan odamlar va shunga o'xshash holatlar uchun. Demak, bu faqat futbolga aloqador emas. Jarayon ko'p narsani qamrab oladi. Insonlarga qanday yordam kerak bo'lsa, qo'llab-quvvatlashga tayyorman.

Darvozabon poziciyasidan tashqari istalgan joyda o'ynay olaman. Har qanday poziciyaga moslasha olaman. Balki 9-raqamli o'yinchi bo'lish ham biroz qiyindir. Aslida "erkin ijodkor"man. Shveciyada shunday harakat qilardim. Qisqasi, qaerga qo'ysangiz ham, menga bir necha hafta kerak bo'ladi va o'sha poziciyani eplab ketaman.


Oshpaz va oficiantlikdan futbolga. Boake haqida 7 qiziqarli fakt

Basketbol terma jamoasiga chaqirilgan, baliqli maydonda to'p tepgan hamda Jek Chittak muxlisi bo'lgan "Buxoro"ning yangi legioneri bilan tanishamiz

Yuzi qonga belangan va agentidan noligan "Dinamo"ning urugvaylik futbolchisi bilan tanishamiz

"Lokomotiv" legionerining hayotiy hikoyasi

Otasiga emas, Ronaldinoga o'xshashni xohlaydigan, gol nishonlagani uchun jamoadan haydalgan "Buxoro"ning ikki niqobli legioneri bilan tanishamiz

 

Oqil Abdubarnoev tayyorladi.

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar