
Xabi Alonso va "Real" futbolchilari o'rtasidagi kelishmovchiliklarning yangi tafsilotlari malum bo'ldi. Eslatib o'tamiz, dushanba kuni madridliklar bosh murabbiyi ikki tomonlama kelishuvga ko'ra lavozimini tark etgan edi.
Marca nashrining yozishicha, Alonso va o'yinchilar o'rtasidagi ziddiyat noyabr oyidayoq ko'zga tashlana boshlagan. Mashg'ulotlardan birida ispaniyalik mutaxassis jahl ustida: "Men bolalar bog'chasiga murabbiylik qilaman deb o'ylamagandim!" — deya xitob qilgan.
Qayd etilishicha, Xabi anchadan beri futbolchilar uning mashg'ulotlardagi, ayniqsa, taktika borasidagi talablarini bajarmayotganidan g'azablangan.
Futbolchilar esa, o'z navbatida, taktik mashg'ulotlarni haddan tashqari og'ir deb hisoblashgan va juda ko'p malumot berilayotganidan shikoyat qilishgan. Nafaqat bosh murabbiy, balki uning yordamchilari ham har bir detalga o'ta sinchkovlik bilan yondashgani va mashg'ulot jarayonini ko'pchilik nazorat qilgani o'yinchilarga "noqulaylik" tug'dirgan.