
O‘zbekiston Professional futbol ligasi mamlakat Kubogining yarim final uchrashuvlari sanasi va ularga mezbonlik qiladigan stadionlarni ma’lum qildi. Final bahsi qayerda o‘tkazilishi esa hal qiluvchi uchrashuvga yo‘llanma oladigan jamoalarga bog‘liq bo‘ladi.
Dastlab O‘zbekiston Kubogining yarim final va final bahslarini markazlashgan tartibda tashkil etish rejalashtirilgandi. Biroq may oyidagi tanaffus sabab Superliganing to‘rtta turi hamda Kubokning 1/8 final bosqichi uchrashuvlari mavsumning ikkinchi qismiga ko‘chirildi. Shuningdek, uchta o‘zbek klubining xalqaro musobaqalardagi ishtiroki va kuzgi FIFA kunlari taqvimni yanada tig‘izlashtirdi.
Markazlashgan tizim joriy etilayotganda barcha klublarning manfaatlari hisobga olinib, Toshkent logistika jihatidan eng qulay hudud sifatida tanlangandi. Qolaversa, 2020 yildan buyon O‘zbekiston Kubogi finallari poytaxtdan tashqarida — Namangan (2020), Samarqand (2021), Buxoro (2022), Qarshi (2023), Farg‘ona (2024) va Andijon (2025) shaharlarida o‘tkazilgan.
Shu asosda hal qiluvchi uchta o‘yinni Toshkentda, ular orasida uch kunlik tanaffus bilan tashkil etish yuzasidan klublar bilan kelishuvga erishilgandi.
Biroq xalqaro maydonda ishtirok etayotgan uch jamoaning O‘zbekiston Kubogidan chiqib ketishi taqvimda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratdi. «Paxtakor» va «Nasaf» 1/8 finalda, «Neftchi» esa chorak finalda musobaqa bilan xayrlashdi.
Shundan so‘ng Liga yarim finalga chiqqan klublar bilan muzokara o‘tkazib, noyabr oyidagi FIFA kunlaridan keyingi taqvimni muhokama qildi. Natijada ikkala yarim final uchrashuvini 24 noyabr kuni o‘tkazishga kelishib olindi.
Shu bilan birga, Toshkentdagi ayrim stadionlarning holati ham musobaqa rejasiga ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, «Bunyodkor», «Jar» va «Olimpiya» stadionlarining maydonlari ta’mirlash uchun yopilgan, «Paxtakor» stadionida esa tribunalarni rekonstruksiya qilish ishlari davom etmoqda.
Shu sababli Liga chorak final bahslari oldidan musobaqaning hal qiluvchi bosqichini Farg‘ona vodiysida o‘tkazish variantini ham ko‘rib chiqqan. Unga ko‘ra, yarim final o‘yinlari Farg‘ona va Namanganda, final esa Namangandagi «Markaziy» stadionda tashkil etilishi mumkin edi.
Biroq buning uchun yarim finalga chiqqan barcha jamoalarning roziligi talab etilardi. «Andijon», OKMK va «Lokomotiv» esa avvalgi kelishuvlarni o‘zgarishsiz qoldirish tarafdori bo‘ldi.
Yakuniy qarorga ko‘ra, 24 noyabr kuni «Andijon» — «Lokomotiv» uchrashuvi OKMK stadionida, OKMK — «Navbahor» bahsi esa «Lokomotiv» stadionida o‘tkaziladi.
Final mezboni esa unda ishtirok etadigan klublarga qarab aniqlanadi. Agar hal qiluvchi bahsga Toshkent jamoalari yo‘l olsa, uchrashuv poytaxtda tashkil etiladi. Bordi-yu, finalda vodiyning ikki klubi to‘qnash kelsa, unga Farg‘onadagi «Istiqlol» stadioni mezbonlik qiladi.
Finalning aniq sanasi yarim final o‘yinlaridan keyin e’lon qilinadi. Bunga «Andijon»ning Superligada qolish uchun pley-off bahslarida ishtirok etish ehtimoli sabab bo‘lmoqda.
Agar «Andijon»ning pley-offda qatnashmasligi aniqlashsa yoki jamoa Kubok finaliga chiqa olmasa, hal qiluvchi uchrashuv rejalashtirilgan muddatdan ertaroq o‘tkazilishi mumkin.