
«Bavariya»ning faxriy prezidenti Uli Xyoness xalqaro o‘yinlar taqvimini keskin tanqid qildi.
Myunxenliklar Germaniya Bundesligasida «Augsburg» bilan 2:2 hisobida durang o‘ynaganidan so‘ng Xyoness terma jamoalar o‘yinlari uchun ajratilgan tanaffuslar klublar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Bu haqda Bild nashri xabar bermoqda.
«Bundesliga boshlanganidan atigi to‘rt hafta o‘tib, ikki haftalik tanaffus e’lon qilinishi — haqiqiy falokat.
Bizning 18 nafar futbolchimiz terma jamoalar ixtiyoriga ketdi. Bunday vaziyatdan keyin jamoaning o‘yin ritmi yo‘qolishi mutlaqo tabiiy», — dedi Xyoness.
Shuningdek, «Bavariya»ning faxriy prezidenti futbol klublarini o‘z manfaatlarini faolroq himoya qilishga chaqirdi.
«Klublar nihoyat o‘z so‘zida qat’iy turishi kerak. Chunki futbolchilarga maoshni terma jamoalar emas, aynan biz — klublar to‘laymiz», — deya qo‘shimcha qildi u.
Xyoness UEFAni Millatlar ligasi musobaqasiga ustuvor ahamiyat berayotgani uchun ham tanqid qildi. U mazkur turnirni «bema’ni musobaqa» va «yilning eng katta hazili» deb atadi.
Qizig‘i, sentyabr oyida «Bavariya» bosh direktori Yan-Kristian Drezen yangi xalqaro taqvimni ijobiy baholagan edi. Uning fikricha, yangi taqvim klub futboli manfaatlariga ko‘proq mos keladi.