Joze Mourinyo va Florentino Peres Rodrining transferiga «yashil chiroq» yoqdi

  • Mr.NoBoDy28.07.2026 16:52
  • 3
  • 30

«Real» tez orada Rodri transferi bo‘yicha amaliy ishlarga kirishadi.

Marca nashri xabariga ko‘ra, Madrid klubi «RB Leypsig»dan Yan Diomande transferini rasmiylashtirib bo‘lgach, «Manchester Siti»ga 30 yoshli yarim himoyachi bo‘yicha rasmiy taklif yuboradi.

«Qaymoqranglilar» lagerida ispaniyalik xavbekning kelishi borasida optimizm ortib bormoqda. «Real» bosh murabbiyi Joze Mourinyo maydon markazini kuchaytirishni o‘ta muhim qadam deb hisoblaydi va Rodrini eng maqbul nomzod sifatida ko‘rmoqda — avvalroq bu pozisiya uchun Enso Fernandes va Mateush Fernandesh variantlari ham ko‘rib chiqilgan edi. Klub prezidenti Florentino Peres ushbu bitimni amalga oshirishni ma’qullagan.

Qayd etilishicha, agar futbolchining o‘zi ketish qarorini qabul qilsa, «Siti» Rodrining transferiga qarshilik qilmaydi. «Shaharliklar» 2027 yilda tugaydigan shartnomani uzaytirish uchun uni majburlamoqchi emas. Vaziyatdan xabardor manbalarning ta’kidlashicha, Angliya klubi «Real» bilan muzokaralar olib borishga tayyor. Ehtimoliy transfer summasi 50-60 million yevroga baholanmoqda.

O‘tgan APL mavsumida Rodri 21 ta o‘yinda maydonga tushib, 1 ta gol urgan edi. JCH-2026 turnirida esa u Ispaniya terma jamoasining barcha 8 ta o‘yinida qatnashib, musobaqaning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

Ўхшаш янгиликлар