Rayan Gravenberx «Liverpul»ning yangi bosh murabbiyi Andoni Iraola haqida fikr bildirdi

  • Mr.NoBoDy28.07.2026 11:39
  • 0
  • 30

Rayan Gravenberx «Liverpul»ning AQSHdagi mavsum oldi yig‘iniga kelib qo‘shilgach, jamoaning yangi bosh murabbiyi Andoni Iraola qo‘l ostida ishlashni intiqlik bilan kutayotganini aytdi.

Niderlandiya terma jamoasi safida Jahon chempionatida ishtirok etgan yarim himoyachi dam olish kunlari tarkibga qo‘shildi va Iraola hamda uning murabbiylar shtabi tomonidan taqdim etilgan yangi g‘oyalardan hayratda qolganini yashirmadi.

«Ha, bu jarayonni chindan ham intiqlik bilan kutyapman. U ilgari surayotgan tamoyillar, o‘yin tempi va avvalgi klubida amalga oshirgan ishlari tahsinga loyiq. Shu bois, u jamoamizga olib kiradigan yangiliklarni intizorlik bilan kutmoqdaman», — dedi u.

24 yoshli futbolchi ispaniyalik murabbiyning «Bornmut»dagi faoliyatini ham e’tirof etib, u yerda jamoani APLning grandlariga qarshi munosib kurasha oladigan darajaga olib chiqqanini ta’kidladi.

«Uning ishi menda katta taassurot qoldirgan. Nazarimda, o‘tgan mavsumda ular turnir jadvalida bizdan keyingi o‘rinni egallashdi. «Bornmut»dagi mehnati chindan ham tahsinga sazovor. Ularga qarshi o‘yinlarimiz hamisha og‘ir kechardi. U juda yaxshi ishladi va umid qilamanki, bu yerda ham shunday muvaffaqiyatga erishadi», — dedi Gravenberx.

Shuningdek, Gravenberx Iraola kelganidan so‘ng jamoadagi muhit ijobiy tomonga o‘zgarganini va futbolchilarga yangi mashg‘ulotlarning yuqori sur’ati hamda sifati manzur kelayotganini alohida qayd etdi.

«Menimcha, hamma xursand va bu yerda ekanidan mamnun. Bir nechta yigitlar bilan gaplashdim, ular mashg‘ulotlar juda qiziqarli va intensiv kechayotganini aytishdi. Qisqasi, hammaning shashti baland», — deya qo‘shimcha qildi futbolchi.

Ўхшаш янгиликлар