
Le Parisien nashrining xabar berishicha, «PSJ» yozgi transfer oynasida yarim himoya chizig‘iga yangi futbolchi sotib olish fikridan voz kechgan. Klub rahbariyati «Manchester Siti» yarim himoyachisi Rodriga bo‘lgan qiziqishlar haqidagi xabarlarga qaramay, jamoada muvozanatli tarkib shakllangan deb hisoblaydi.
Buning o‘rniga Parij klubi boshqa nozik pozisiyalarni kuchaytirishni, xususan, yangi vinger, chap qanot himoyachisi va markaziy hujumchi xarid qilishni ustuvor vazifa sifatida belgilab olgan.
Avvalroq, «Real» Yan Diomande transferini «PSJ»dan tortib olganiga javoban parijliklar madridliklarning asosiy nishoni bo‘lgan Rodrini sotib olishni ko‘rib chiqayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Fransuz klubi kot-d’Ivuarlik vinger uchun asosiy da’vogar bo‘lib turgan edi, ammo «qirollik klubi» so‘nggi pallada kurashga qo‘shilib, «Leypsig» bilan kelishuvga erishgan.
Biroq «PSJ» endilikda Rodri uchun kurashga aralashmaydigan bo‘ldi, bu esa «Real»ni ushbu transfer poygasida yaqqol favoritga aylantirmoqda.
Shu bilan birga, Yevropa chempionlari hujum chizig‘ini kuchaytirish maqsadida «Barselona» forvardi Ferran Torres va «Monako» vingeri Magnes Akliushning transferlari ustida ish olib bormoqda.