«PSJ» «Yuventus»ning 30 millionlik taklifini qabul qilmadi

  • Mr.NoBoDy09.07.2026 09:13
  • 42
  • 30

«Pari Sen-Jermen» «Yuventus» klubining hujumchi Randal Kolo-Muani borasidagi taklifini rad etdi, deb xabar bermoqda X ijtimoiy tarmog‘idagi insayder Fabrisio Romano.

Turin klubi futbolchi uchun 30 million yevro to‘lashga tayyor edi, biroq bu summa parijliklarni qanoatlantirmadi. «Yuventus» muzokaralarga qaytish va 27 yoshli fransiyalik futbolchining transferi bo‘yicha Fransiya klubi bilan kelishuvga erishish uchun yangi urinishni amalga oshirish niyatida.

Kolo Muani 2024/25 yilgi mavsumning ikkinchi yarmida ijara asosida «Yuventus» safida to‘p tepgan edi. O‘shanda u 22 ta o‘yinda 10 ta gol urib, 3 ta golli uzatmani amalga oshirgan.

2023 yilda «PSJ» Kolo-Muanini «Ayntraxt»dan 95 million yevroga xarid qilgan edi. O‘tgan mavsumda hujumchi «Tottenxem»da ijara asosida o‘ynadi: 41 ta o‘yinda 5 ta gol va 4 ta golli uzatma muallifi bo‘ldi.

Kolo-Muanining «PSJ» bilan shartnomasi 2028 yilgacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portali futbolchining qiymatini 20 million yevroga baholamoqda.

Ўхшаш янгиликлар