Burak Yilmaz: "Shomurodov ajoyib goli bilan o'yinning qulfini ochdi"

  • Mr.NoBoDy 25.11.2026 09:40
  • 52
  • 30

Turkiyaning "Chorum" klubi bosh murabbiyi Burak Yilmaz "Istanbul Bashakshehir"ga qarshi uchrashuvdan (2:4) keyin O'zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodovning goliga yuqori baho berdi.

Turkiya Superligasining 12-turida "Chorum" safarda 2:0 hisobida oldinda borayotganiga qaramay, so'nggi 14 daqiqada to'rtta gol o'tkazib yubordi va 2:4 hisobida mag'lub bo'ldi.

O'zbekistonlik hujumchi 78-daqiqada hisobdagi farqni qisqartirib, jamoasining g'alabaga qaytishiga turtki berdi. Keyinchalik Berto'g' Yildirim xet-trik qayd etib, "Bashakshehir"ga g'alaba keltirdi.

Burak Yilmaz uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida jamoasi raqibga qarshi taktik jihatdan yaxshi tayyorgarlik ko'rganini, biroq Shomurodovning golidan keyin o'yinda burilish yuz berganini ta'kidladi.

"Biz butun hafta davomida, hatto xalqaro tanaffus paytida ham faqat "Bashakshehir"ga qarshi o'yinga tayyorlandik. Nuri Shahinning taktik rejasini bilardik va unga qarshi choralar ishlab chiqdik. Bu 70 daqiqa davomida samara berdi.

Ammo Shomurodov ajoyib gol urdi. Aslida, futbolchilarimiz unga zarba berish imkonini yaratmasliklari kerak edi. Shomurodov esa ajoyib harakati bilan o'yinning qulfini ochdi. Shundan keyin jamoamizda tushunarsiz tushkunlik yuzaga keldi. Natijada 14 daqiqa ichida to'rtta gol o'tkazib yuborib, mag'lub bo'ldik", – dedi Yilmaz.

Mutaxassis futbolchilarining hisobdagi ustunlikni saqlab qolish borasidagi harakatlarini ham tanqid qildi.

"Hisob 2:1 bo'lganida bosim ostida o'ynashni, futbol o'ynashni, uchrashuvni g'alaba bilan yakunlashni o'rganishimiz kerak. Zarur paytda qattiqqo'l bo'lishni ham bilishimiz lozim. Biz bu borada biroz soddamiz. Sariq kartochka olmaymiz, qoida buzmaymiz. Bundan juda xafaman", – dedi murabbiy.

Burak Yilmaz "Bashakshehir" va "Chorum" o'rtasida futbolchilar saviyasi hamda moliyaviy imkoniyatlar jihatidan katta farq borligini ham qayd etdi.

"Biz 70 daqiqa davomida ajoyib o'yin ko'rsatdik. Ammo "Bashakshehir" bilan o'rtamizda juda katta farq bor. Ham futbolchilar saviyasi, ham byudjet jihatidan. O'ylaymanki, ular bugun o'z ustunliklaridan foydalana olishdi", – deya qo'shimcha qildi Yilmaz.

Ўхшаш янгиликлар