Islom Ismoilov: "Ertaga "Al-Hilol" ham maydonda "Neftchi"ning qanday jamoa ekanini bilib oladi"

  • Mr.NoBoDy 22.11.2026 17:08
  • 51
  • 30

OCHL Elit ligasi 5-turidan o'rin olgan "Neftchi" - "Al-Hilol" o'yinidan oldingi matbuot anjmunida mezbonlar bosh murabbiyi Islom Ismoilov va darvozabon Botirali Ergashev ishtirok etdi.

Islom Ismoilov: Ertaga bizni, shubhasiz, murakkab bahs kutib turibdi. "Al-Hilol" – Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biri. Raqib tarkibi, futbolchilarining individual mahorati hamda jamoaning qo'lga kiritgan yutuqlari xususida ortiqcha to'xtalishga hojat yo'q. Biroq biz ham mazkur musobaqada shunchaki qatnashmayapmiz: "Neftchi" o'z oldiga aniq maqsadlar qo'ygan, o'ziga xos xarakter va yuksak ambiciyalarga ega jamoa. Ertaga shogirdlarimdan maydonda jasorat namoyish etib, so'nggi daqiqalargacha kurashishlarini hamda farg'onalik muxlislarni xushnud etishlarini kutamiz. Buning uchun jamoamizning salohiyati etarli. O'ylaymanki, ertangi uchrashuvga to'liq shay holatdamiz.

Botirali Ergashev: Jamoamiz bilan birgalikda ushbu uchrashuvga puxta tayyorgarlik ko'rdik. Nasib etsa, munosib ishtirok etib, mazmunli o'yin namoyish qilish orqali muxlislarimizni xursand etamiz. Bosh murabbiyimiz takidlaganlaridek, oldimizga muayyan maqsadlar qo'yilgan. Ishonchni oqlab, munosib o'yin ko'rsatish va ishqibozlarimizga quvonch ulashish umididamiz.

1000172859.jpeg

"Al-Hilol" safida ko'plab yetakchi futbolchilar to'p surishini yaxshi bilamiz, qolaversa, bu jamoa o'zbek klublariga ham yaxshi tanish. Ayni paytda raqibning aynan qaysi jihatlari sizni ko'proq xavotirga solmoqda?

Islom Ismoilov: Raqib xususida yuqorida ham ta'kidlab o'tdim – "Al-Hilol" kuchli jamoa va buni etirof etish lozim. Biroq raqib kim bo'lishidan qati nazar, biz har qanday, jumladan, kuchli jamoalarga qarshi bahslarda ham faqat himoyalanish bilan cheklanmasdan, o'zimizga xos yuqori pressing va vertikal futbol uslubini qo'llashga intilamiz. Har bir jamoaning kuchli va ojiz tomonlari, har bir uchrashuvning esa o'ziga yarasha mas'uliyati mavjud. Xohlaymizmi-yo'qmi, istalgan raqib maydonda muayyan qiyinchiliklar tug'diradi. Shu nuqtayi nazardan o'yin oldidan muayyan hissiyotlarni boshdan kechirish – tabiiy holat. Ammo na jamoada, na menda hech qachon qo'rquv bo'lmaydi. Biz raqibga doimo hurmat bilan yondashamiz, biroq maydonga o'zimizga bo'lgan ishonch bilan chiqamiz. Shu bois hozirgi vaziyatda "Al-Hilol"ning aynan qaysidir bir jihati meni xavotirga solmoqda, deya olmayman.

1000172865.jpeg

Bugungi kunda o'zbek media makonidagi futbolga ixtisoslashgan asosiy blogerlar tomonidan "Al-Hilol" haddan tashqari yuqori baholanib, tarkibidagi yulduzlar alohida takidlanmoqda. Darhaqiqat, ularda nomdor futbolchilar bor va klubning moliyaviy imkoniyatlari ham "Neftchi"nikidan yuqori bo'lishi mumkin. Siz "Neftchi" futbolchilari ongiga "ushbu raqibni mag'lub eta olamiz" degan ishonchni singdira oldingizmi? Yana bir jihat: aynan "Neftchi" jamoasi "An-Nasr"ga qarshi o'z maydonida bir kishi kam bo'lib qolganiga qaramay, Krishtianu Ronalduga qanday kuchga ega ekanini amalda isbotlab qo'ygan edi.

Islom Ismoilov: Maydonda futbolchilarning transfer qiymati, klubning avvalgi natijalari yoki maqomi emas, balki jamoaning o'zi kurashadi va uchrashuv boshlangach, bu omillar o'z ahamiyatini yo'qotadi. Zero, futbol – jamoaviy o'yin. "Al-Hilol"ning qanday jamoa ekani barchamizga ma'lum, ertaga esa ular ham "Neftchi"ning qanday jamoa ekanini maydonda ko'rishadi. Futbolchilarimiz bahsga jismonan va ruhan to'liq tayyor bo'lib, uchrashuvni katta intiqlik bilan kutishmoqda. Nasib etsa, ertaga eng sara o'yinlarimizdan birini namoyish etamiz. Har bir bellashuvdagi bosh maqsadimiz – g'alaba qozonish. Yuqorida takidlaganimdek, raqib kim bo'lishidan qati nazar, hech kimdan cho'chimaymiz, barchani hurmat qilamiz, ammo maydonga faqat g'alaba uchun chiqamiz. Shu sababli ertangi uchrashuvda ham yagona maqsadimiz – g'alaba qozonish.

Milliy chempionatda "Neftchi" chempionlik masalasini deyarli hal etdi va katta ehtimol bilan kelgusi mavsumda ham Elit Chempionlar ligasida ishtirok etishi deyarli aniq. Futbolchilarning ertangi o'yinga ruhiy tayyorgarligi qay darajada? Ushbu vaziyat ularga "Al-Hilol"ga qarshi uchrashuvda qo'shimcha motivaciya beradimi yoki aksincha, ma'lum darajada xotirjamlikka sabab bo'ladimi?

Islom Ismoilov: Siz "deyarli" so'zini ishlatdingiz – biz hali rasman chempion emasmiz va kelasi mavsumdagi ishtirokimiz ham hozircha aniq emas. Shu bois keyingi yil haqida fikr bildirishga hali erta. Besh tur avval ham bizni chempion deb atashgan edi, biroq chempionlik hali qo'lga kiritilgani yo'q. Rasmiy natija e'lon qilinmagunicha bunday gaplarga ishonmaymiz. Ertangi bellashuvga kelsak, bu rasmiy uchrashuv, boz ustiga, Osiyo Elit Chempionlar ligasi doirasidagi bahsdir. Mazkur musobaqada oddiy o'yinning o'zi bo'lmaydi. Uning mas'uliyatini, javobgarligini va maydonda kechadigan barcha jarayonlarni to'liq anglab turibmiz. Istaymizmi-yo'qmi, futbol – jonli o'yin. Jonli o'yin esa hissiyotlarga boy bo'ladi; hissiyot bor joyda hayajon kuzatiladi va bu – futbolning ajralmas qismi bo'lgan tabiiy holat. Har bir bahsning – xoh u rasmiy uchrashuv bo'lsin, xoh o'rtoqlik o'yini – o'ziga xos tuyg'ulari bo'ladi. Shu jihatdan ertangi o'yin oldidan muayyan hayajon yoki hissiyot mavjudligini meyoriy holat deb baholayman.

1000172854.jpeg

Mavsumning ikkinchi yarmida "Neftchi"dagi darvozabon poziciyasi, xususan, sizning terma jamoaga jalb etilmayotganingiz va o'yinlardagi harakatlaringiz ko'p bora tanqid qilinmoqda. Ertangi bahsga ruhiy va jismoniy jihatdan qanchalik tayyorsiz? Qiyoslab aytganda, uch yil avval O'tkir Yusupov ham keskin tanqidlar ostida qolgan bir pallada "Al-Hilol"ga qarshi juda ishonchli o'yin namoyish etgan edi. Darvozabon poziciyasi va ertangi bahsga tayyorgarlik xususida nima deya olasiz?

Botirali Ergashev: Shubhasiz, ertaga katta va mazmunli uchrashuv bo'lib o'tadi. Nasib etsa, mazkur bahsga tayyorman. Tanqidlarga kelsak, o'rinli fikrlarga to'g'ri yondashamiz va munosib munosabat bildiramiz, asossiz tanqidlarga esa e'tibor qaratmaymiz. To'g'risini aytganda, bunday saviyadagi uchrashuvlar orqali qimmatli tajriba orttiryapmiz. Ertangi bahsda ham munosib o'yin ko'rsatib, bizga ishonch bildirayotgan muxlislarimiz hamda jamoadoshlarimizning umidlarini oqlashga harakat qilamiz.

1000172852.jpeg

Ma'lumki, Saudiya Arabistonining istalgan klubida yuksak individual mahoratga ega, ayniqsa standart vaziyatlardan samarali foydalana oladigan futbolchilar talaygina va bunga o'zaro o'yinlarda ham guvoh bo'lgansiz. Ertangi raqib "Al-Hilol" tarkibida ham Ruben Nevesh kabi iqtidorli ijrochilar mavjud. Raqibni o'rganish jarayonida ularning harakatlari alohida tahlil qilindimi? Ushbu omil shaxsan sizni xavotirga solmayaptimi?

Botirali Ergashev: Ochig'ini aytganda, bu holat xavotir emas, aksincha, biz uchun tajriba to'plash imkoniyatidir. Har bir uchrashuv – o'ziga xos saboq. Nasib etsa, munosib o'yin namoyish etib, oxirigacha kurashish orqali ertangi bahsda muxlislarimizni xursand qilamiz degan umiddaman.

1000172861.jpeg

Ўхшаш янгиликлар