"Men ketishga tayyorman". Brunu Fernandesh tanqidlar va MYUdagi kelajagi haqida gapirdi

  • Mr.NoBoDy 22.11.2026 14:40
  • 45
  • 30

"Manchester Yunayted" sardori Brunu Fernandesh jamoaning Angliya Premer-ligasidagi ko'p yillik chempionlik tanaffusi tufayli futbolchilarga qaratilgan tanqidlarga javob qaytardi.

Shuningdek, agar rahbariyat uni mankunianliklarga boshqa yordam bera olmaydi deb hisoblasa, klubni tark etishga tayyor ekanini ma'lum qildi.

"Klub so'nggi bor chempionatda juda, juda uzoq vaqt oldin g'olib chiqqan. O'shanda hozirgi futbolchilardan birortasi bu yerda emasdi va tabiiyki, hamma: "Bu futbolchilar chempionatni yutishga qodir emas", - deydi. Hamma muammoga aylanib qoladi va bu oddiy hol. Hechqisi yo'q. Bu yerda o'zlari to'p tepgan klublarda hamma sovrinlarni qo'lga kiritgan futbolchilar bilan birga o'ynash baxtiga muyassar bo'ldim. Xuan Mata futbolda barcha sovrinlarni yutgan. David de Xea ushbu klub bilan kuboklar qo'lga kiritgan. Pol (Pogba) hamma joyda g'alaba qozongan. Nemanya (Matich) hamma joyda yutgan. Hatto Zlatan (Ibragimovich) ham. Ular har yerda sovrinlar yutishgan, biroq klubni cho'qqiga qaytarish va Premer-ligada g'olib chiqishni uddalay olishmagan.

Bu yerda turli klublarda chempionlikni qo'lga kiritgan ko'plab murabbiylar ishlagan, lekin ular ham Premer-liga kubogini "Yunayted"ga qaytara olishmadi. Shuning uchun futbolchilarga bo'layotgan bosim haqidagi gap-so'zlar yildan-yilga takrorlanib kelmoqda, deb hisoblayman. Har safar klubda eng uzoq vaqt qolayotgan o'yinchilar boshqalarga qaraganda ko'proq e'tibor markazida bo'lishadi, chunki bu yerda uzoq muddat to'p tepishning salbiy tomoni shunda. Bizni boshqalardan ko'ra ko'proq vaqt davomida muammo deb hisoblashadi.

Men klubga shunday dedim: agar ular meni "Yunayted"ni o'zi munosib bo'lgan joyga qaytarishga yordam bera oladigan odam emasman, deb his qilishsa - men ketishga tayyorman. Axir men ham sovrinlar yutishni istayman. Premer-ligada g'olib chiqishni xohlayman. Chempionlar Ligasini yutishni istayman. Buni hech qachon yashirmaganman. Bu qo'limdan keladimi? Bilmayman. Lekin urinishda davom etaman", - deya Fernandeshning so'zlaridan iqtibos keltiradi Sky Sports.

Eslatib o'tamiz, "Manchester Yunayted" so'nggi bor 2012/2013 yilgi mavsumda Angliya chempioni bo'lgan. APLning joriy mavsumida 10-turdan so'ng "qizil iblislar" sakkiz ochko jamg'argan holda turnir jadvalida 19-o'rinni egallab turibdi.

Ўхшаш янгиликлар