Yozef Blatter: "Infantino - diktator, ehtimol uni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yuborish kerakdir"

  • Mr.NoBoDy 12.11.2026 10:48
  • 251
  • 30

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino diktatorga aylangan va reallik bilan aloqani yo'qotgan.

Tashkilotning sobiq rahbari Yozef Blatter ana shunday fikr bildirdi. Uning so'zlarini “Der Spiegel” jurnaliga tayanib AFP agentligi keltirmoqda.

Infantino 2016 yil fevral oyida bo'lib o'tgan navbatdan tashqari kongressda FIFA rahbari etib saylangan edi. Keyinchalik u ikki marta muqobil nomzodlarsiz qayta saylandi. Tashkilot rahbarligi uchun navbatdagi saylovlar 2027 yil mart oyida Marokashda bo'lib o'tadi.

“U - diktator. FIFAdagilarning menga aytishicha, u bilan bitta liftdan foydalanishga hech kimga ruxsat berilmaydi. U daxlsiz shaxsga aylangan”, - dedi Blatter.

“Infantino endi hech qanday chegarani bilmaydi. U reallik bilan aloqani butunlay yo'qotgan. Ehtimol, Infantinoni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yuborish kerakdir”, - deya qo'shimcha qildi sobiq prezident.

Eslatib o'tamiz, iyul oyida Infantino tashkilotning asosiy erkaklar va ayollar musobaqalarini nazorat qiluvchi kompaniya tuzmoqchi bo'lgani ma'lum bo'lgan edi. Uning fikricha, “FIFA Forward Enterprise” kompaniyasining tashkil etilishi FIFAga a'zo assotsiatsiyalar daromadini oshirishi va butun dunyoda futbol rivojiga hissa qo'shishi kerak edi. Xalqaro futbol federatsiyasi ushbu sxema 4,2 milliard dollar jalb qilishi mumkinligini ma'lum qilgandi. Biroq mazkur tashabbus funkcionerlar, federatsiyalar va boshqa tashkilotlar tomonidan ommaviy tanqid va qoralashga uchradi.

Xususan, Infantinoning taklifini Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA), Shimoliy, Markaziy Amerika va Karib havzasi futbol konfederatsiyasi (KONKAKAF), Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) hamda Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi (KONMEBOL) rad etdi. Keyinchalik Afrika futbol konfederatsiyasi, Argentina futbol assotsiatsiyasi va yana bir qator milliy federatsiyalar Infantinoni qo'llab-quvvatladi. 23 oktyabr kuni OFK prezidenti shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa tashkilot FIFA rahbarligi uchun bo'lajak saylovlarda Infantino nomzodini qo'llab-quvvatlashini ma'lum qildi.

Ўхшаш янгиликлар