Sergey Lushchan: "Futbol va har qanday professional sportda eng asosiy narsa – pul"

  • Mr.NoBoDy 07.11.2026 19:56
  • 238
  • 30

Superliga 27-turi doirasidagi "Mashal" – "Surxon" o'yinidan so'ng (0:0) mezbonlar bosh murabbiyi Sergey Lushchan matbuot anjumanida ishtirok etdi.

– Bugungi o'yin haqidagi fikrlaringiz.

– Nihoyat, biz gol o'tkazib yubormasdan o'ynadik. Umuman olganda, o'yindan, uning mazmunidan, ayniqsa, himoyadagi jamoaviy harakatlardan ko'nglim to'ldi. Yani, biz talab qilgan vazifani yigitlar bajarishdi. To'g'ri, bizda hujumni yakunlash bosqichida juda katta muammolar bor va bu yaqqol ko'zga tashlandi. Agar himoyadan hujumga o'tishda biroz yaxshiroq harakat qila boshlagan bo'lsak ham, aynan yakunlovchi bosqichda muammolarimiz etarli. Biroq umuman olganda, yana qaytaraman, o'yindan qanoatlandim. Natijadan bo'lmasa ham, hech bo'lmaganda himoyada gol o'tkazmaganimizdan xursandman. Ehtimol, bu eng asosiy jihatdir.

– Humoyun Murtazoev o'yin tugashiga 5 daqiqa qolganda maydonga tushirildi. Uning birorta jarohati bormi yoki taktika shunday tanlanganmi? Nega u so'nggi daqiqalarda maydonga tushirilmoqda?

– Chunki men shunday qaror qildim. Ergashevning harakatlari meni to'liq qanoatlantirmoqda. Agar Ergashev kuchliroq o'ynasa, u maydonga tushadi, aks holda, zaxirada qoladi. Men uchun futbolchining familiyasi qanday ekanligining ahamiyati yo'q. Qolaversa, biz yangi jamoa shakllantiryapmiz va asosiy e'tiborni kelgusi yilga qaratganmiz. Biz ishlaymizmi yoki boshqalarmi, baribir jamoa 99 foizga yangilanadi. Bu rahbariyat tomonidan qo'yilgan vazifa – tarkibni to'liq yangilash va imkon qadar o'z tarbiyalanuvchilarimizdan iborat asosga ega bo'lish. Tushunarliki, faqat o'z yigitlarimiz bilan buni uddalay olmaymiz, agar moliyaviy imkoniyatlar bo'lsa, tarkibni kuchaytirish kerak bo'ladi. Lekin asosiy e'tiborni o'z o'yinimizni shakllantirishga qaratmoqdamiz. Turnir jadvalidagi holatimiz bizni umuman tashvishga solmaydi, shuning uchun harakat qilyapmiz, kuzatyapmiz va yoshlarga o'zlarini ko'rsatishga imkon beryapmiz. Kimdir bunga tayyor, kimdir esa yo'q. Lekin ular ertami-kechmi baribir tayyor bo'lishadi. Hozirgi vaqtda, tabiiyki, ularni kuzatmoqdamiz.

– "Mashal"ning Proligaga tushib ketishiga birinchi sabab sifatida moliyaviy holat ko'rsatilmoqda. Ikkinchi sabab esa, jamoa o'z maydonini ta'mirlagunga qadar sun'iy qoplamali maydonda o'ynamadi, o'z uyida o'ynamadi. Buning uchun katta mablag' va homiy topish kerak. Maydonni ta'mirlash imkoniyati yo'qligini bilgan futbolchilar shuning uchun o'ynamayaptimi? Joriy yilda Proligaga tushib ketishga mana shu holat sabab bo'ldimi?

– Keling, shundan boshlaylikki, futbol – bu kasb, to'g'rimi? Agar sizga 6 oy davomida maosh to'lashmasa, birinchidan, siz o'ynamaysiz. Ikkinchidan, mohiyatan olib qarasak, yil boshida yomon jamoa yig'ilmagan edi. Lekin pul to'lanmaganligi sababli, asosiy futbolchilarning bir qismi ariza yozib, jamoadan kyetib qolishdi. Biz ularga FIFA qaroriga ko'ra haligacha pul to'layapmiz, lekin ular bu yerda o'ynashmaydi. Tabiiyki, jamoa birinchi davraning o'rtalarida hech kimsiz, futbolchilarsiz qoldi. Mavsumda o'ynashi kerak bo'lgan asosiy o'yinchilar yo'q edi. Boshqa o'rinli savol: murabbiylar aybdormi yoki futbolchilar? Mening nazarimda – futbolchilar. Men o'zim ham futbolchi bo'lganman. Tushunyapsizmi? Buni xayolimga ham sig'dira olmayman. Menga murabbiy kerak emas. Agar jamoa 11 ta o'yinda mag'lub bo'lsa, bu murabbiylarga emas, futbolchilarga bog'liq masaladir. Qanday qilib 11 ta o'yinda yutqazish mumkin? Ko'chadan oddiy odamlarni yig'ib kelsam ham, ular murabbiysiz o'zlari hech bo'lmaganda bitta o'yinda gol o'tkazmasdan o'ynashadi. Tushunyapsizmi? Bu futbolchilarga, ularning ruhiy holatiga, o'ynashni xohlash yoki xohlamasligiga bog'liq. Albatta, bularning barchasi zamirida moliyaviy holat turibdi. Men ham futbolchi bo'lganman va bizga yarim yil pul to'lashmaganida, menda ham o'ynashga unchalik ishtiyoq bo'lmagan. Qanday o'ynaysiz? Uyda oilangiz, ikkita farzandingiz bo'lsa va fikringiz shu yerda emas, u yerda eyishga ovqat yo'qligida bo'lsa, qanaqa futbol, qanaqa mashg'ulot bo'lishi mumkin? Shuning uchun futbolda va har qanday professional sportda asosiy narsa – bu pul. Tabiiyki, biz shu orqali ro'zg'or tebratamiz. Qolaversa, futbolchining faoliyati qisqa – bor-yo'g'i 15 yil. Agar hozir pul ishlab topmasangiz, qachon topasiz? Yaxshisi, darhol biznes bilan shug'ullangan maqul. Bu mening fikrim. Shuning uchun har qanday ishda mayda-chuyda narsalar bo'lmaydi. Moliya, mehnatga layoqatlilik, mehnatsevarlik va hokazo – bularning barchasi bir-biriga bog'liq bo'lishi kerak. Birortasi ishdan chiqsa, ish yurishmaydi, bu umuman boshqa ishga aylanib qoladi. Tushuntira oldimmi?

– Mavsum tugamoqda. Oldingi intervyuda "Mashal" jamoasi tarkibida yana yoshlarni ko'ramiz, degan fikr aytilgandi. Mavsum oxirigacha U-21 tarkibidan yana kimlarnidir ko'ramizmi?

– Asosiy muammomiz ularni maydonga tushirishni xohlamayotganimizda emas. Asosiy muammo shundaki, asosiy jamoa o'yinidan bir kun oldin o'rinbosarlar jamoasi o'ynaydi. Bizda esa jami 30 kishi bor. Tushunyapsizmi? Biz shunday vaziyatdamizki, kimnidir tanlab, unga 15 daqiqa beramiz, keyin ikkinchisiga, uchinchisiga. O'rinbosarlar jamoasi esa o'ynayapti. Bir tarkib bilan ham u yerda, ham bu yerda o'ynay olmaymiz. Shuning uchun vaziyatga qarab ish tutyapmiz. Hozir poziciyalar bo'yicha ko'rib chiqyapmiz. Mana bugun Boshnyak umuman o'ynamadi, biz uni qaydnomaga kiritishga majbur bo'ldik. Chunki kecha G'ofurov va Shomurodov o'rinbosarlar tarkibida ikki bo'lim o'ynashdi. Xo'sh, bugun ularni qaerga maydonga tushiramiz? Biz robot emasmiz-ku, odamlar bunchalik ko'p mehnat qila olmaydi. Agar Boshnyakni o'rinbosarlar tarkibida maydonga tushirsak, bu kulgili holat bo'lardi. Xorijlik legioner kelib, o'rinbosarlar safida o'ynasa... bu noto'g'ri. Umuman olganda, agar Muhiddinov jarohat olmaganida, u bugun umuman maydonga tushmasligi kerak edi. Bizda Abdurahimov bor edi va shunday variant ko'zda tutilgandi. Lekin Abdurahimov bu poziciyada hech qachon o'ynamagan. Xullas, biz amaldagi vaziyatga qarab ishlayapmiz. Ertaga kim o'ynashi borasida uzoq muddatli rejamiz yo'q. Kim bugun tayyor bo'lsa, o'shani maydonga tushiryapmiz. Afsuski, vaziyat shunday. Imkoniyatlarimiz cheklangan va kimnidir jalb qilish, o'zgartirish uchun tanlov ko'lami kichik. Umid qilamanki, moliyaviy holat yaxshilanadi, selekciya ishlari olib boriladi, shundan so'nggina kimlarni maydonga tushirishni hal qilamiz. Siz haqsiz, har qanday holatda ham asosiy e'tiborni yoshlarga qaratyapmiz. Har bir o'yinda o'rinbosarlar tarkibini kuzatyapmiz, shunchaki tomosha qilish uchun kelmayapmiz. Tabiiyki, biz buni qayd etib boryapmiz: kim qanday ko'rinishda, qayerda va qaysi poziciyada harakat qilayotganini tahlil qilib, o'rinbosarlar murabbiyidan ularni turli poziciyalarda sinab ko'rishni so'rayapmiz. Ularning barchasi biz bilan birga mashg'ulot o'tkazmoqda. Hozir yana biroz guruhlarga bo'lishga majbur bo'ldik, chunki 34 kishini bir vaqtda shug'ullantirish juda qiyin. Shu sababli ularni ajratib, sinab ko'ryapmiz va kuzatyapmiz. Shunday bo'lsa-da, barchasi nazorat ostida.

Ўхшаш янгиликлар