
- Albatta, uch ochkodan juda mamnunman. Andijonga safar har doim qiyin kechishini bilamiz. Raqib jamoaning sifati, futbolchilarining jismoniy holati va, albatta, Andijonga yetib borishning o'zi ham oson emas. Bugun rejalashtirganimizdek o'ynashga harakat qildik. Erta gol o'tkazib yuborganimizdan keyin ham o'zimizni yo'qotib qo'ymadik. Yigitlarimizga rahmat!
- Raqib jamoaning o'yin uslubi haqida nima deysiz?
- "Andijon"ning yil boshidan beri ko'rsatayotgan o'yini menga juda yoqadi. Jamoa tarkibiga ham yaxshi futbolchilar yig'ilgan. Balki mavsum ular uchun biroz omadsiz kechayotgandir. Ularning harakatlari va o'yin uslubi menga maqul. Bu uchrashuv oldidan qiyin bo'lishini bilardik va chiroyli futbol ko'rsata olmasligimizga ham tayyor edik. Maydon ham kombinacion futbol o'ynashga imkon bermasdi, ko'p kurash bo'lishini kutgandik. Biz ham o'yinimizga aynan shu jihatlarni qo'shishga harakat qilyapmiz. Futbolchilarimiz jismoniy jihatdan eng kuchlisi emas, shuning uchun ko'proq boshqa jihatlar ustida ishlaymiz. Shunday o'yinda g'alaba qozonish yoqimli.
- Nikolay Ivanov birinchi davradagi kabi jarimadan gol urdi.
- U bu borada mutaxassis. Bu mavsumda u bunday vaziyatlardan ko'proq gol urishi kerak edi. Umuman, jamoa standart vaziyatlardan unchalik yaxshi foydalana olmadi. Shuning uchun bugun bitta gol urilgani quvonarli. Uning bu borada texnikasi juda yaxshi, mashg'ulotlarda ham ko'p ishlaydi. Gol urganidan xursandman.
- Bilol Tupliev yaxshi o'yin namoyish qilayotgandi. Biroq uni zaxiraga oldingiz.
- Biz har bir o'yinda hujumchilarni almashtirishga harakat qilamiz. Zamonaviy futbolga nazar tashlasangiz, eng ko'p mehnat qiladigan futbolchilar - hujumchilar. Ular to'psiz holatda himoyada ham ishlashi, shu bilan birga, hujumda muammolar tug'dirish uchun maksimal darajada ochilishi kerak. Shuning uchun jamoani yangilash zarurati tug'ilganda, aynan shu poziciyalardagi futbolchilarni, ayniqsa, qanot hujumchilarini almashtirishga harakat qilamiz.
- Kubok yarim finalida ham ushbu juftlik o'ynaydi. Bu o'yin haqida nima deya olasiz?
- Kubokdagi o'yinni ligadagi natijalarga qarab baholab bo'lmaydi. Kubok - bitta uchrashuv, o'sha kuni har qanday holat yuz berishi mumkin. Biz raqibni hurmat qilamiz va unga qarshi maksimal darajada tayyorgarlik ko'ramiz. Shuningdek, o'yin Olmaliqda bo'ladi. U yerda ham maydonning holati yaxshi emas. O'zPFL nima uchun Kubok yarim finali kabi muhim uchrashuvlarni sifatli futbol o'ynashga imkon bermaydigan maydonlarda o'tkazishga ruxsat berishini tushunmayman. Bu biroz xafa qiladi.