Anvar G'ofurov: "Mashal"ga qarshi durang uchun mas'uliyatning katta qismini o'z bo'ynimga olaman"

  • Mr.NoBoDy 07.11.2026 19:40
  • 237
  • 30

"Surxon" bosh murabbiyi Anvar G'ofurov Superliga 27-tur doirasidagi "Mashal"ga qarshi o'yindan so'ng matbuot anjumanida ishtirok etdi.

– Bugungi o'yin haqidagi fikrlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.

– Bu uchrashuvda hech qaysi jamoaning osonlikcha ochko qo'lga kiritmaganligi aniq, men buni oldindan bilardim va ushbu fikrni futbolchilarga ham tushuntirishga harakat qildim. Chunki raqib qanday jamoa bo'lishidan qati nazar, biz yaxshi shakllangan "Mashal" jamoasiga qarshi maydonga tushdik. Garchi ular ma'lum sabablarga ko'ra ko'plab o'yinlarda g'alabani boy berib, mag'lubiyatga uchragan bo'lsalar-da, ushbu bahsda hech kim osonlikcha ochko olmaganini aniq bilaman. Mazkur jamoa yaxshi shakllangan bo'lib, boy tarixga va kuchli akademiyaga ega hisoblanadi. Har bir raqibni hurmat qilish kerak. Hech bir raqibdan qo'rqmaslik, ammo unga nisbatan hurmatni maydondagi harakatlar orqali ko'rsatish zarur. Professional sifatida har bir futbolchi o'yinlarga to'g'ri tayyorgarlik ko'rishi va maydonda borini berib harakat qilishi lozim. Afsuski, bugungi o'yinda bizda qulay vaziyatlar yuzaga keldi, biroq ulardan foydalanib, gol ura olmadik. O'ylaymanki, bahs qiziqarli o'tdi, lekin vaziyatlardan unumli foydalana olmasak, g'alaba qozonish juda qiyin bo'ladi. Bunga qaramasdan, men yigitlarga ishonaman va ushbu durang uchun mas'uliyatning katta qismini o'z zimmamga olaman. Ehtimol, futbolchilarga yana qandaydir boshqacha ko'rsatmalar berishim kerak edi. Umuman olganda, futbolchilar yaxshi harakat qilishdi, lekin yaxshi o'yinchilardan tarkib topgan "Mashal" jamoasini ham hurmat qilish lozim. Kelasi o'yinlarga puxta tayyorgarlik ko'rib, o'zimiz uchun kerakli natijalarni qayd etishga harakat qilamiz. Bizni qo'llab-quvvatlash uchun kelgan muxlislarga o'z minnatdorchiligimni bildiraman va keyingi o'yinlarda ularni g'alabalar bilan xursand qilishga intilamiz.

– "Mashal" bilan qayd etilgan durang qoniqarli natijami? Bugungi o'yinda taktik xatolik yuz berdimi yoki futbolchilarning o'zlarida g'alabaga bo'lgan ishtiyoq yetishmadimi?

– Bu o'rinda barchamizning xatoimiz borligi aniq. Bunday o'yinlarda kimning haqiqiy professional ekani va kimning professionallik darajasi etarli emasligi o'z isbotini topadi. Har bir futbolchi maydonda borini berib, faqatgina o'z vazifasini bajarishi kerak. Ular bir necha yillardan beri futbol o'ynab kelishadi, yoshligidan shu bilan shug'ullanishadi va har bir futbolchi shunga intilib, o'z ishini mas'uliyat bilan bajarishi lozim. Bu – futbol. Yuqorida takidlaganimdek, aybning 80–90 foizini o'z zimmamga olaman. Albatta, agar vaziyatlardan unumli foydalanganimizda g'alaba qozonishimiz va turnir jadvalida yuqoriroq o'rinni egallashimiz mumkin edi, ammo bu yerda hech kimga oson emas.

– Jamoada maoshlarning kechiktirilishi va rag'batlantiruvchi mukofot pullari berilmayotganiga oid xabarlar mavjud. Ushbu holat o'yin sifatiga qanchalik ta’sir ko'rsatyapti va umuman, bu muammo hal etilganmi?

– Albatta, bu holat o'zining salbiy ta’sirini ko'rsatadi. Har bir futbolchining o'z oilasi va orzu-maqsadlari bor. Nima bo'lishidan qati nazar, uzoq muddat davomida futbolchilarning ruhiyatini bir meyorda ushlab turish juda qiyin va bu hech kimga oson kechmaydi. Ayniqsa, moliyaviy masalalarda uzilishlar yuzaga kelganda, bu bevosita bizning vazifamiz emasligini tushunsak-da, baribir o'z ishimizni davom ettirishimiz shart. Biz o'zimiz va kelajagimiz uchun o'ynaymiz. Chunki har bir futbolchining oldiga qo'ygan maqsadlari bor. Agar ular kuchliroq jamoalarda o'ynashni yoki xorij klublariga transfer bo'lishni istasalar, bu o'z-o'zidan amalga oshmaydi. Futbolchi har bir o'yinda o'zini ko'rsatib, o'z mehnati bilan bunga erishishi kerak. Qolgan muammolar esa echimi qiyin bo'lgan masaladir.

– Davronbek Merganovning boshqa jamoaga o'tishi haqidagi xabarlar tarqalmoqda. Bu xabarlar qanchalik haqiqatga yaqin?

– Bu borada mish-mishlar va turli gap-so'zlar juda ko'p. To'g'risini aytsam, hozirgi kunda bu masala menga qiziq emas. Bizning oldimizda aniq vazifamiz bor va faqat shuning ustida ishlashimiz kerak. Asosiy maqsadimiz – turnir jadvalida yuqoriroq o'rinni egallash va muxlislarimizni xursand qilish. Mish-mishlarga keladigan bo'lsak, Messi ham "Barselona"dan, Ronaldu esa "Real Madrid"dan ketgan. Shu sababli, kimningdir jamoadan ketishi yoki unga qo'shilishi tabiiy holat hisoblanadi. Agar kuchli jamoalarga yo'l oladigan futbolchilarimiz bo'lsa, biz ular uchun faqat xursand bo'lamiz.

– Behruz Shaydulovning olgan jarohati qanchalik jiddiy?

– Hozircha bu borada aniq bir fikr bildirish qiyin. Raqib futbolchisi buni ataylab qilgani yo'q, shunchaki uning oyog'i sirpanib ketdi va butun gavdasi bilan Behruzning oyog'iga yiqildi. Natijada uning oyog'i qayrilib ketdi. Tibbiy ko'rikdan so'nggina bu haqda aniq xulosa berish mumkin bo'ladi.

Ўхшаш янгиликлар