Husanovning sobiq jamoadoshi: "U yuqori darajada o'ynashini hammamiz bilardik, ammo..."

  • Mr.NoBoDy 05.11.2026 11:08
  • 235
  • 30

Belarusning "Energetik-BGU" klubida Abduqodir Husanov bilan birga to'p tepgan sobiq darvozabon Artyom Makavchik o'zbekistonlik himoyachining salohiyati haqida fikr bildirdi.

Joriy yil 26 yoshida futbolchilik faoliyatini yakunlagan Makavchik Husanovning "Manchester Siti" darajasiga ko'tarilishida "Energetik-BGU"dagi faoliyati va murabbiy Anatoliy Yurevichning ham hissasi borligini ta'kidladi.

"Abduqodir yuqori darajada o'ynashini hammamiz bilardik. Ammo bunchalik yuqori darajaga ko'tarilishini kutmagandik... U uchun juda xursandman!

Uning juda kuchli futbolchi ekani o'shandayoq ko'rinib turardi. Anatoliy Ivanovichning u bilan olib borgan ishlari ham o'z samarasini berdi.

Bundan tashqari, O'zbekiston yoshlar o'rtasidagi jahon chempionatida juda yaxshi ishtirok etdi. Shundan keyin, adashmasam, Husanov darhol milliy terma jamoaga chaqirildi va u yerda ham o'zini yaxshi ko'rsatdi. Mana shu omillarning barchasi birlashib, hozirgi natijaga olib keldi", – dedi Makavchik.

Eslatib o'tamiz, 22 yoshli Abduqodir Husanov 2023 yil yozida Belarusning "Energetik-BGU" klubidan Fransiyaning "Lans" jamoasiga o'tgan. 2025 yil yanvar oyida esa Angliyaning "Manchester Siti" klubi futbolchisiga aylangan.

Ўхшаш янгиликлар