"Real" Rafael Nadalni klub direktorlar kengashi a'zosi sifatida tasdiqlashni taklif qildi

  • Mr.NoBoDy 04.11.2026 17:56
  • 467
  • 30

Madridning "Real" klubi direktorlar kengashi ispaniyalik tennischi Rafael Nadalni o'z a'zolaridan biri sifatida tasdiqlashni taklif qildi.

Bu haqda jamoaning rasmiy sayti xabar bermoqda.

"Bugun, 4 noyabr kuni bo'lib o'tgan yig'ilishda "Real Madrid" futbol klubi direktorlar kengashi 67 778-raqamli a'zomiz Rafael Nadal Parerani yangi kengash a'zosi etib tayinlashni delegatlarning umumiy yig'ilishi muhokamasiga kiritishga qaror qildi.

"Real"ning faxriy a'zosi bo'lgan Nadal sport tarixidagi eng buyuk afsonalardan biri, shuningdek, dunyodagi eng hurmatli va taniqli ispan sportchilaridan sanaladi. Shunday sport va insoniy miqyosdagi shaxsning klubimizning bugungi kuni hamda kelajagiga hissa qo'shish uchun direktorlar kengashiga qo'shilayotgani barcha madridistalar uchun katta sharafdir.

92 ta shaxsiy sovrin, jumladan "Katta dubulg'a" turnirlaridagi 22 ta g'alaba, ikkita Olimpiya oltin medali, Ispaniya terma jamoasi safida Devis Kubogidagi beshta yutuq va jahonning birinchi raqamli tennichisi maqomi bilan Rafael Nadal chindan ham afsonaviy faoliyat olib bordi. Biroq uning shaxsi shunchaki sportdagi yutuqlardan ko'ra kengroq manoni anglatadi: istedodi, doimiy o'z ustida ishlashi, fidoyiligi, raqobat ruhi, kamtarligi va raqiblariga bo'lgan hurmati uni ham kortda, ham undan tashqarida o'rnak bo'lishga loyiq qiladi. Bu qadriyatlar "Real" o'ziga xosligining ajralmas qismi hisoblanadi va Rafael ularni butun faoliyati davomida munosib himoya qilib, butun dunyodagi millionlab insonlar uchun kumirga aylandi", - deyiladi rasmiy bayonotda.

Ўхшаш янгиликлар