
Shimoliy Makedoniya futbol federatsiyasi ma'lum qilishicha, bosh murabbiy Goce Sedloski UEFA Millatlar ligasining noyabr oyidagi uchrashuvlari uchun 26 nafar futbolchidan iborat ro'yxatni e'lon qildi. Undan "So'g'diyona" yarim himoyachisi Lyupche Doriev ham o'rin oldi.
Shimoliy Makedoniya milliy terma jamoasi 13 noyabr kuni Glazgoda Shotlandiyaga qarshi maydonga tushadi. Jamoa 16 noyabrda esa Skopedagi "Todor Proeski" milliy stadionida Sloveniyani qabul qiladi.
Shuningdek, "So'g'diyona" himoyachisi Zoir Jo'raboev ham Tojikiston milliy terma jamoasiga jalb qilindi.
Tojikiston futbol federatsiyasi xabar berishicha, bosh murabbiy Igor Angelovskiy Tailandda o'tkaziladigan "King's Cup-2026" xalqaro turniri uchun 24 nafar futbolchidan iborat yakuniy tarkibni e'lon qildi.
Tojikiston terma jamoasi 14 noyabr kuni musobaqaning yarim finalida Ummonga qarshi o'ynaydi. Ikkinchi yarim finalda Tailand va Bruney terma jamoalari o'zaro to'qnash keladi.
Musobaqaning finali va uchinchi o'rin uchun bahs 17 noyabr kuni o'tkaziladi.