"Al Kuvayt" bosh murabbiyi: "Nasaf"ga qarshi g'alabadan boshqa natija bizni qoniqtirmaydi"

  • Mr.NoBoDy 03.11.2026 21:08
  • 2072
  • 30

Kuvaytning "Al Kuvayt" klubi bosh murabbiyi Firas al-Xatib Osiyo Chempionlar ligasi-2 guruh bosqichi 4-turidan o'rin olgan "Nasaf"ga qarshi uchrashuv oldidan o'z fikrlarini bildirdi.

Suriyalik mutaxassis o'yinoldi matbuot anjumanida Qarshi klubining jismoniy va taktik jihatdan kuchli ekanini ta'kidlab, shogirdlaridan faqat g'alaba kutayotganini bildirdi.

"Har ikki jamoa ham g'alaba qozonish maqsadida maydonga tushadi. "Nasaf" keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini saqlab qolish uchun so'nggi imkoniyatidan foydalanishga harakat qiladi. Biz esa g'alaba qozonib, pley-off bosqichiga chiqish imkoniyatimizni mustahkamlamoqchimiz.

Biz uchun g'alabadan boshqa natija yo'q. Keyingi bosqichga chiqishni taminlash uchun ijobiy natija juda muhim. O'yinga tayyormiz va futbolchilarimizga ishonchimiz katta", – dedi al-Xatib.

Shuningdek, "Al Kuvayt" ustozi "Nasaf"ning o'yin uslubiga ham to'xtalib o'tdi.

"Nasaf" jismoniy va taktik jihatdan yaxshi tayyorgarlikka ega jamoa. Ular maydonda bir butun bo'lib harakat qiladi. Avvalgi uchrashuvda himoyachilarimiz ortiga uzatilgan to'plar bizga qiyinchilik tug'dirdi. Hozir murabbiylar shtabimiz o'sha o'yindagi xatolarni to'g'rilash ustida ishlamoqda. Shuningdek, standart vaziyatlarga ham alohida e'tibor qaratyapmiz", – dedi mutaxassis.

Firas al-Xatib jamoasidagi kadrlar muammosi haqida ham ma'lumot berdi.

Unga ko'ra, Mehdi Barhama sariq kartochkalari soni ko'payib ketgani sababli "Nasaf"ga qarshi uchrashuvni o'tkazib yuboradi. Shuningdek, Mishari G'annam va Muhsin Falloh jarohatlari tufayli maydonga tusha olmaydi.

"Barcha futbolchilarimizga ishonaman. Safda bo'lmagan o'yinchilarning o'rnini munosib to'ldira oladigan futbolchilarimiz bor", – dedi al-Xatib.

Ma'lumot uchun, "Al Kuvayt" va "Nasaf" o'rtasidagi Osiyo Chempionlar ligasi-2 guruh bosqichi 4-tur uchrashuvi 4 noyabr kuni Quvaytda bo'lib o'tadi.

Eslatib o'tamiz, mazkur jamoalar o'rtasida 28 oktyabr kuni Qarshida o'tkazilgan 3-tur bahsida "Al Kuvayt" 1:0 hisobida g'alaba qozongan edi.

Ўхшаш янгиликлар