
Xabarlarga ko'ra, italiyalik mutaxassisning bunday qarorga kelishiga Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan 2027 yilgi Osiyo kubogi muddatining o'zgartirilishi sabab bo'lishi mumkin.
OFK 3 noyabr kuni Saudiya Arabistonida o'tkaziladigan qita chempionati boshqa muddatga ko'chirilganini rasman e'lon qildi.
Dastlab musobaqa 2027 yilning 7 yanvaridan 5 fevraliga qadar bo'lib o'tishi rejalashtirilgandi. Yangi taqvimga ko'ra, Osiyo kubogi 2027 yil 23 dekabrdan 2028 yil 21 yanvarga qadar o'tkaziladi. Yangi sanalar FIFA tomonidan tasdiqlanishi kerak.
Ushbu o'zgarish Kannavaroning O'zbekiston milliy terma jamoasidagi kelajagiga ham ta’sir ko'rsatishi mumkin. Chunki mutaxassisning amaldagi shartnomasi 2027 yil oktyabr oyiga qadar mo'ljallangan, Osiyo kubogi esa endi mazkur muddatdan keyin bo'lib o'tadi.
Shu sababli italiyalik murabbiy terma jamoadagi faoliyatini davom ettirish yoki lavozimini tark etish masalasini ko'rib chiqishi mumkinligi aytilmoqda.
Hozircha Kannavaroning iste'foga chiqish haqida yakuniy qaror qabul qilgani to'g'risida rasmiy ma'lumot yo'q. O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi ham bu borada munosabat bildirmagan.
Eslatib o'tamiz, Fabio Kannavaro 2025 yil oktyabr oyida O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangan. U 2026 yilgi jahon chempionatida milliy jamoani boshqargan.