
Ovoz berish jarayonida Championat.asia xodimlari, Transfermarkt'ning rus tilidagi tahririyati rahbari Georgiy Lekarev hamda taklif etilgan ekspert - sharhlovchi Otabek Jo'raev ishtirok etdi.
Oyning eng yaxshi murabbiyi deb Mirjalol Qosimov topildi. Uning boshqaruvi ostida OKMK to'rtta uchrashuvdan uchtasida g'alaba qozondi va e'tiborlisi, har gal g'alaba to'plari so'nggi daqiqalarda kiritildi: 84-daqiqada "Mashal"ga, 90+2-daqiqada "Qo'qon-1912"ga, 90+1-daqiqada esa "Lokomotiv"ga qarshi bahsda. Bu natijalar tufayli Olmaliq klubi turnir jadvalida 4-o'ringa ko'tarilib oldi. Respondentlarning 44 foizi Qosimov uchun ovoz berdi. Ikkinchi o'rinni "Neftchi" bosh murabbiyi Islom Ismoilov (20%), uchinchi pog'onani esa "Navbahor" ustozi Timur Kapadze (16%) egalladi.
Superligada oktyabr oyining eng yaxshi futbolchisi deb "Lokomotiv" hujumchisi Temurxo'ja Abduxoliqov etirof etildi. U to'rtta o'yinda ikkita gol urdi va bitta golli uzatmani amalga oshirdi. Abduxoliqov 28% ovoz jamg'arib, bor-yo'g'i birgina ovoz farqi bilan "Neftchi" vakili Koffi Kuaoni (24%) ortda qoldirdi.