
“Inter Mayami” hujumchisi Lionel Messi yaqin kelajakda Argentina chempionatiga o‘tishni rejalashtirmayapti. Bu haqda insayder Fabrisio Romano o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qildi.
Avvalroq Argentina OAVlarida 2022 yilgi Jahon chempioni faoliyatini vatanida yakunlashni istayotgani va 2027 yilda “Nyuells Old Boyz” safiga qo‘shilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi.
Biroq Romano ma’lumotiga ko‘ra, na futbolchining o‘zi, na uning oilasi yaqin kelajakda Argentinaga qaytish variantini ko‘rib chiqayotgani yo‘q. Messi “Inter Mayami”da amaldagi shartnomasi yakuniga qadar qolishni rejalashtirmoqda. Kelishuv 2028 yil 31 dekabrgacha amal qiladi. Shuningdek, argentinalik futbolchi AQSH klubi bilan shartnomasini uzaytirishi ham mumkin.
Ma’lumot uchun, “Nyuells Old Boyz” Messi tug‘ilib o‘sgan Rosario shahrining jamoasi hisoblanadi. U 1994–2000 yillarda klubning bolalar jamoalarida to‘p surgan. 13 yoshida esa otasining tashabbusi bilan “Barselona” akademiyasiga yo‘l olgan.