Fransiya futbol federatsiyasi rahbari Mbappeni tanqid qilishni to'xtatishga chaqirdi

  • Mr.NoBoDy 30.10.2026 14:40
  • 641
  • 30

Fransiya futbol federatsiyasi prezidenti Filipp Diallo "Real" hujumchisi Kilian Mbappe bu janjalni ortda qoldirish imkoniyatiga ega bo'lishi kerak, degan fikrni bildirdi.

Fransiya terma jamoasi sardori o'zini Xitoyning sobiq rahbari Mao Czedun qiyofasida tasvirlangan mem haqidagi bayonotidan keyin uzr so'ragandi.

Ushbu hodisadan so'ng "Real" klubi ham, La Liga rahbariyati ham kechirim so'radi. Ispaniya ligasi prezidenti Xaver Tebas inqirozga qarshi guruh tuzdi va vaziyatni yumshatish maqsadida chorshanba kuni Xitoy elchisi Yao Czin bilan uchrashdi. Xitoyda 1949 yildan to 1976 yildagi vafotiga qadar mamlakatni boshqargan Mao Czedun haqidagi ommaviy hazillar o'ta nozik mavzu bo'lib qolmoqda.

Xitoyning “China Daily” davlat nashri xabar berishicha, Mbappening fikri xitoylik muxlislarning keskin noroziligiga sabab bo'lgan, uning foydali tijoriy shartnomalarini xavf ostiga qo'ygan hamda yulduzlarning ta’sir doirasi chegaralanganini eslatib qo'ygan. Xitoy davlat teleradiokompaniyasi Migu "Real"ning Ispaniya chempionati doirasida shanba kungi Santanderning "Rasing"iga qarshi o'yinini efirga uzatmaydi. Bundan tashqari, Xitoy kompaniyalari, jumladan, Mengniu va Shanghai Milkground Food Tech sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari hamda Eastroc Beverage ichimliklar brendi Mbappe bilan hamkorlikni to'xtatdi.

Diallo vaziyat tez orada ijobiy hal bo'lishiga umid bildirdi.

"Umid qilamanki, bu mojaro uzoqqa cho'zilmaydi. Kilian bu bayonotni qanday kontekstda aytganini juda yaxshi tushuntirib berdi. U uzr so'radi. Menimcha, u mavsumni eng yaxshi sharoitlarda davom ettirishi uchun endi bu mavzuga nuqta qo'yish kerak", – deya Dialloning so'zlarini keltiradi “Ouest-France”.

Ўхшаш янгиликлар