
The Times nashrining xabar berishicha, xalqaro futbol tashkiloti chiptalar sotuvidan qariyb 5 milliard dollar ishlab topgan - bu 2022 yildagi natijadan besh barobar ko'p demakdir (Katarda 929 million dollar foyda ko'rilgan edi).
Shu bilan birga, Xalqaro futbol federatsiyasi dastlab byudjetga faqatgina 3,3 milliard dollar kiritgan edi. JCH-2026 dan olingan umumiy daromad miqdori esa taxminan 15 milliard dollarni tashkil etdi.
Bu yilgi mundial doirasida Katardagiga qaraganda 40 ta ko'p - 64 ta o'rniga 104 ta o'yin o'tkazildi. Foydaning keskin o'sishi asosan chiptalarning dinamik narxlanish siyosati va FIFA o'z platformasidagi har qanday qayta sotuvdan oladigan 30 foizlik ulush bilan bog'liq. Insayderlarning takidlashicha, AQSH qonunchiligi shunday tuzilganki, agar muxlislar chiptalarni qimmatroq narxda sotib olishga tayyor ekanligidan FIFAning o'zi foydalanmaganida, mablag'lar shunchaki olibsotarlar, agentliklar va chipta platformalariga kyetib qolardi.
The Times so'roviga javoban FIFA vakili 5 milliard dollar haqidagi ma'lumotni tasdiqlamadi, biroq jahon chempionatidan tushgan mablag'lar 211 ta assotsiatsiyaga qo'shimcha to'lovlar sifatida yo'naltirilishini ma'lum qildi.
"FIFA 2026 yilgi jahon chempionatidan olingan daromadlarni o'zining navbatdagi yillik hisobotida e'lon qiladi. Ushbu raqamlar zarur audit jarayonlaridan o'tishi kerak va shu sababli hozircha omma e'tiboriga havola etilmaydi", - deyiladi tashkilot javobida.