
- O'yin haqida fikringiz?
- Avvalambor qo'lga kiritilgan g'alaba bilan barcha muxlislarimizni tabriklayman. Qolaversa jamoamizni qo'llash uchun stadionga kelgan ishqibozlarimizga ham alohida rahmat aytaman. Albatta, g'alaba doim yoqimli. Mavsum oxirlab boryapti, har bir o'yinning, har bir ochkoning qadri baland. Bu g'alaba bizga nihoyatda zarur edi. Sababi, oxirgi uchrashuvlardagi natijalar sabab ushbu g'alaba yana oyoqqa turib olishimizga yordam beradi.
- O'yindan oldin bugun "Qo'qon-1912" osonlikcha taslim bo'ladi deganlar ham bo'ldi.
- To'g'risi, biz hech bir raqibdan oson o'yin kutmaymiz. Barchaga professional munosabatda bo'lamiz. Maydonga chiqqandan keyin har bir futbolchimiz borini beradi. Qo'qon jamoasi etarlicha qarshilik ko'rsatdi, uch ochkoni qo'lga kiritish oson bo'lmadi. Gollar ko'p bo'ldi, qizil kartochka ham bo'ldi, umuman olganda esda qolarli o'yin kechdi. Bahs oson kechmasligini bilardik. Biz har bir o'yinga maksimal darajada tayyorgarlik ko'ramiz.
- Maylimi, bir so'z bilan qisqa javob bersangiz. Chempionlik yo'lida "Neftchi"ning asosiy raqobatchisi kim: "Paxtakor"mi, "Navbahor"mi?
- "Paxtakor".
- O'zbekiston Kubogida-chi?
- Kubokda "Navbahor".
- "Neftchi" oxirgi o'yinlarda ko'p gol o'tkazyapti. Bu sizni xavotirga solmayaptimi?
- Albatta, buni ham tahlil qilib boryapmiz. Mavsum boshida ko'p gollar urdik va yuqorida o'ynadik. Endi mavsum tugab boryapti, yil bo'yi bir xil uslubni davom ettirish qiyin. Buni ham inobatga olish kerak. Kamroq gol o'tkazish uchun e'tiborni ko'proq himoyaga qaratsak bo'ladi, lekin bizning asosiy uslubimiz hujumkor futbol o'ynash. Masalaning ikkinchi tomoni ruhiy holat. Mavsum yakunida hayajon ham ortib boryapti. Albatta, kam gol o'tkazishga harakat qilamiz. To'g'ri aytdingiz, ikkinchi davrada ko'p gol o'tkazdik. Lekin g'alaba qozonsak bu yoqimli bo'ladi.