
Bu Bundesliganing ushbu oraliqdagi yangi rekordi hisoblanadi.
Bundesliga rasmiy sayti statistikasiga ko'ra, bungacha bo'lgan eng yuqori ko'rsatkich 170 ta golni tashkil etgan va u 1984/85 yilgi mavsumdan beri saqlanib kelayotgandi. Joriy mavsumning 45 ta uchrashuvida jamoalar har bir o'yinda o'rtacha 3,82 tadan to'p kiritishgan.
Birgina beshinchi turning o'zida 35 ta gol qayd etildi. "Leyptsig" "Ayntraxt"ni 6:0 hisobida tor-mor etgan bo'lsa, "Bayer" "Maync" ustidan 4:3 hisobida g'alaba qozondi. Aynan shu tur yakunlanganidan keyin 42 yil oldin o'rnatilgan ko'rsatkich yangilandi.
12 oktyabr ertalabki holatga ko'ra, Germaniya chempionati Yevropaning kuchli beshlik ligalari orasida o'rtacha sermahsullik bo'yicha yetakchilik qilayotgaydi. Ispaniya La Ligasida bu vaqtga kelib jamoalar har bir bahsda o'rtacha 3,04 tadan gol urayotgandi (taqqoslash uchun Ispaniya chempionatining 69 ta o'yini hisobga olingan).
Bundesliganing eng sermahsul jamoasi 16 ta gol bilan "Bavariya" bo'lib turibdi. "Leyptsig" hisobida 15 ta, "Bayer" va "Frayburg"da esa 14 tadan gol mavjud. Leverkuzenliklar hujumchisi Patrik Shik beshta o'yinda beshta gol urib, to'purarlar poygasida peshqadamlik qilmoqda. Maykl Olise, Kristofer Nkunku va Niklas Fyullkrug hisobida esa to'rttadan gol bor.
Bundesligada to'liq bir mavsum bo'yicha o'rtacha sermahsullik rekordi har bir o'yinga 3,58 ta golni tashkil etadi va bu 1983/84 yilgi chempionatga tegishli. Hozirgi 3,82 ko'rsatkichi esa faqatgina dastlabki besh tur natijalariga asoslangan.