
Endilikda jamoa 20 oktyabr kuni O'zbekiston Kubogi chorak finalida OKMK mehmoni bo'ladi. Keyin esa Birinchi liga pley-off bahslarida ham qatnashadi. Mavsum yakunlari, oldindagi bo'lajak bellashuv oldidan jamoa bosh murabbiyi Abbos Ergashev bilan suhbatlashdik.
- “Markaz” mintaqasida mavsum yakuniga etdi. Bu o'yinlar haqida qanday fikrdasiz?
- Mening fikrimcha, mavsumning birinchi qismi yakunlandi. Endi asosiy qismlari va o'yinlari hali oldinda turibdi. Ortda qolgan o'yinlarimizga kelsak, biz juda yaxshi ishtirok etdik va yaxshi lahzalarga ega bo'ldik. Birinchi ligada ham, O'zbekiston Kubogida ham “Guliston” bilan muvaffaqiyatli ishtirok etib kelyapmiz va buni davom ettiryapmiz. Maqsadlarimiz katta. Qolgan o'yinlarimizda ham yuqori natija ko'rsatishga harakat qilmiz.
- Ayting-chi, bosh murabbiy sifatida jamoangiz ko'rsatgan o'yinlardan qanchalik qoniqish hosil qildingiz?
- Xabaringiz bor, jamoa bu yilda o'z faoliyatini qayta tashkil etildi. Imkoniyatlarimizdan kelib chiqib, tarkibni shakllantirdik. Shu yigitlar bilan jamoamiz o'yin uslubini shakllantirdik. Eng yaxshi va yuqori ko'rsatgan o'yinlarimizda ham sifatni yanada yaxshilash uchun nimalarga e'tibor berishimiz ko'rindi. Xatolar bo'ldi, ularni bartaraf etish ustida ko'proq ishladik. Demoqchimanki, eng yuqori pallada ham jamoa, futbolchilar va murabbiylar ham o'z ustida ko'proq ishlashi va imkoniyatlarini yanada kengaytirishi kerak. Umuman olganda mavsum davomida yigitlar yaxshi harakat qilishdi. Shu o'rinda biz murabbiylar ham o'z ustida ishlashi va ko'proq mehnat qilishda davom etamiz. Yaxshi mehnat orqali natijalar ham yaxshilanib boraveradi.
- Bizni OKMK klubiga qarshi jiddiy bahs kutmoqda. Olmaliqdagi bahsda jamoamiz o'z oldiga qanday maqsad qo'ygan?
- Chorakfinaldagi o'yin jiddiy, mas'uliyatli va muhim hisoblanadi. Bu bosqichga qadar yetib kelganimiz jamoamiz uchun katta natija va tarix. Bu tarixni yanada yaxshilash va ijobiy natija qayd etishga harakat qilamiz. Olmaliqda ham muxlislarimiz quvontirish uchun oxirigacha bellashamiz.
- 27 oktyabrdan Birinchi liga pley-off o'yinlarida muhim o'yinlar kutmoqda. Ayting-chi, “Guliston” o'tish bellashuvlarida ham g'oliblik uchun kurashadimi?
- Ha, albatta o'yinlarga munosib tayyorgarlik ko'ramiz. Raqiblar kim bo'lishidan qati nazar o'yinlarga jiddiy e'tibor beramiz. Toshkentdagi pley-offda faqat va faqat chempionlik uchun kurashamiz. Maqsadimiz - faqat g'olib bo'lish va muxlislarimiz, sirdaryolik futbol ishqibozlarini quvontirish.