iks
ads

Urugvayda futbol hakamlari uchun elektron kartochka-bloknot sinovdan o'tkazilmoqda

  • Mr.NoBoDy 16.10.2026 17:40
  • 448
  • 30

Urugvay futbol assotsiatsiyasi mahalliy kompaniya bilan hamkorlikda futbol hakamlarining odatiy sariq va qizil kartochkalari, shu bilan birga, bloknotini almashtirishi mumkin bo'lgan elektron qurilmani ishlab chiqdi.

Yangi ixtiro kichik mobil telefonni eslatadi. Uning yordamida futbolchilarni nafaqat ogohlantirish va maydondan chetlatish, balki maydonda sodir bo'layotgan hodisalarni qayd etib, ma'lumotlarni federatsiyaning elektron tizimiga uzatish ham mumkin. Ushbu tajriba haqida Futbol hakamlari assotsiatsiyasi prezidenti Marselo de Leon “El Espectador” radiostanciyasiga bergan intervyusida so'zlab berdi.

Qurilma “virtual kartochkalar” nomini oldi. U kichik ekran va ikkita tugma bilan jihozlangan. Bir tugma bosilganda displey sariq rangga, ikkinchisi bosilganda esa qizil rangga kiradi. Shu tariqa, futbolchi odatiy plastik kartochka o'rniga tegishli rangli ekranni ko'radi.

Biroq yangilikning imkoniyatlari bu bilan cheklanib qolmaydi. U bir vaqtning o'zida elektron bloknot vazifasini ham bajaradi. Hakam ogohlantirishlar, chetlatishlar, almashtirishlar, penaltilar va o'yinning boshqa voqealarini qayd etib borishi mumkin. Ma'lumotlar darhol mamlakat futbol assotsiatsiyasi rasmiy statistikani yuritish uchun foydalanadigan COMET tizimiga kelib tushishi lozim.

Hozirgi vaqtda hakamlar bu kabi ma'lumotlarni yozib borishadi va uchrashuv yakunlangach, ularni qaydnomaga ko'chirishadi. Yangi qurilma bu jarayonni avtomatlashtirish hamda hisobotlarni tayyorlash vaqtini sezilarli darajada qisqartirish imkonini beradi.

Kelgusida ishlab chiquvchilar ma'lumotlarni nafaqat federatsiya xodimlariga, balki jurnalistlarga ham uzatishni yo'lga qo'yish niyatida. Bu esa maydonda kechayotgan voqealar haqidagi rasmiy ma'lumotlarni bevosita o'yin vaqtida olish imkoniyatini yaratadi. De Leonning so'zlariga ko'ra, elektron kartochka o'yin vaqtida hakamlarga xalaqit bermaydigan darajada engil.

Yangi ixtiro Urugvay Kubogi doirasidagi “Defensor Sporting” – “Plasa Koloniya” uchrashuvida sinovdan o'tkazildi va bu jarayonda muammoga duch kelindi. O'yin Montevideodagi “Luis Fransini” stadionida kunduzi bo'lib o'tgan. Yorqin quyosh nuri sababli ekrandagi tasvir yaxshi ko'rinmay qolgan. Shu bois bosh hakam qurilmadan to'liq foydalana olmadi.

Shunga qaramay, sinovlar to'xtatilmadi. Qanot hakamlari va to'rtinchi hakam voqealarni qayd etish uchun elektron bloknotlardan foydalanishdi.

Ikkinchi sinov Kubok doirasidagi “Nasonal” – “Rentistas” uchrashuvida bo'lib o'tdi. Hakam Eduardo Varela ogohlantirish va chetlatish uchun elektron kartochkani bir necha bor ishlatdi. Urugvaylik jurnalistlar ekran rangi uzoqdan u qadar yaxshi farqlanmayotganiga e'tibor qaratishdi.

Ushbu tajribaning VAR tizimiga aloqasi yo'q. Elektron kartochka-bloknot takroriy lavhalarni ko'rish uchun mo'ljallanmagan va hakamga qaror qabul qilishda yordam bermaydi. Vazifa ancha oddiy - qog'ozdagi qaydlar o'rnini bosish, qaydnomalarni rasmiylashtirishni soddalashtirish va uchrashuv voqealari haqidagi ma'lumotlarni uzatishni tezlashtirish.

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar