
Daniya, Shvesiya va Finlyandiya futbol federasiyalari FIFA va uning prezidenti Janni Infantino bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan Yevropa Komissiyasiga murojaat qildi.
Uch mamlakat futbol federasiyalari Yevropa Komissiyasining sport masalalari bo‘yicha komissari Glenn Mikallefga FIFAdagi inqiroz va Janni Infantino faoliyatiga nisbatan ishonchning pasayishi fonida xat yo‘lladi.
«FIFAdagi so‘nggi voqealar bizda jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Shimoliy Yevropa mamlakatlarida FIFAdagi boshqaruv, shaffoflik va qaror qabul qilish bilan bog‘liq muammolardan xavotir bildirib keldik.
FIFA Forward Enterprise g‘oyasi bu xavotirlarni yanada kuchaytirdi. Xususiy investorlarning FIFA musobaqalarida ulush sotib olish ehtimoli, shuningdek, shaffoflik, maslahatlashuvlar va demokratik nazorat yetishmaydigan jarayon dunyo futboli kelajagini aslida kim nazorat qilishi haqida jiddiy savollarni keltirib chiqarmoqda.
Yevropa institutlari, UYEFA va milliy futbol assosiasiyalari turli rollarga ega va turlicha mas’uliyatni zimmasiga oladi. Ammo bizni ochiqlik, demokratiya, sportdagi natijalar va hamjihatlikka asoslangan modelni himoya qilish istagi birlashtiradi.
2021 yilda Yevropa Superligasini tashkil etishga bo‘lgan urinish Yevropa futbol assosiasiyalari va siyosatchilari o‘yinning asosiy tamoyillarini himoya qilish uchun birlashganda nimalarga erishish mumkinligini ko‘rsatdi. So‘nggi voqealar bunday hamkorlik hanuz zarurligini ko‘rsatmoqda.
Shuning uchun Finlyandiya, Shvesiya va Daniya futbol assosiasiyalari prezidentlari Bryusselga tashrif buyurib, siz bilan uchrashsa, biz uchun katta sharaf bo‘lar edi.
Biz futbolning ruhi hech qachon qaytadan sotuvga qo‘yilmasligini ta’minlashimiz kerak», — deyiladi federasiyalar xatida.