
Bu haqda PFL xabar berdi.
"Paxtakor" futbol klubi ishtirokidagi uchrashuvlarni Iroq hududida namoyish etish bo'yicha Dubayning sportga ixtisoslashgan media va ko'ngilochar The PRO Company agentligidan taklif kelib tushgandi.
Boisi, yozgi transfer oynasida Toshkent klubi o'z safiga Iroq milliy terma jamoasining uchinchi a'zosini qo'shib oldi.
Liga o'z bayrog'i ostida o'tkaziladigan musobaqalar translyatsiyasi sifati va hajmini oshirish ustida ish olib bormoqda va aytish mumkinki, mazkur yo'nalishda yildan yilga o'sish suratlari kuzatilmoqda. Jumladan, 2027 yilgi mavsumdan boshlab Superliga uchrashuvlarini Qozog'iston, Rossiya va Belarus hududlarida OTT platformalar orqali namoyish etish ustida ishlanmoqda. Shuningdek, Liganing rasmiy YouTube sahifasi, Allplay, Kinopoisk kabi ilovalarda Superliga uchrashuvlari ko'rsatib kelinmoqda. Superliga translyatsiyalaridan daromad ko'rishni boshlash Liganing yaqin istiqboldagi asosiy rejalaridan biri hisoblanadi.
Shundan kelib chiqib, Liga The PRO Company taklifi bo'yicha muzokara olib bordi. Bundan ko'zlanayotgan asosiy masala translyatsiya evaziga boshlanishiga katta haq olish emas, balki mazkur yo'nalishni amalga oshirishning texnik imkoniyatlarini sinovdan o'tkazish, shuningdek, amaliyotning kelajakda qo'shimcha qanday imkoniyatlar yaratishi mumkinligini monitoring qilishdan iboratdir. Yani, translyatsiyalarni rivojlantirish yo'nalishiga investiciya kiritayotgan tashkilot sifatida Liga o'zining kelgusi rejalari va maqsadlariga qanchalik tayyor ekanligini baholash muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu kabi qadam kelajakda qo'shimcha taklif va imkoniyatlar paydo qilishi mumkin. Shu boisdan, Liga taklif etilayotgan shartnoma mavsum yakuniga qadar ekanligi, qolaversa, o'zbekistonlik futbolchilarga Yaqin Sharq bozoridan qo'shimcha takliflar kelib tushish ehtimoli mavjudligini birlamchi maqsad sifatida etirof etadi. Translyatsiyasini Iroqqa uzatishning texnik parametrlari bo'yicha keyinchalik ham muammolar kuzatilmasa, 2027-yilgi va undan keyingi mavsumlar uchun nafaqat bir klub, balki butun bir musobaqani xorijda translyatsiya qilish va buning uchun eksklyuziv narxlar taklifini ishlab chiqish ustida ish olib boriladi.
Liga translyatsiyalar sotuvidan kelajakda daromad ko'rishni boshlasa, mazkur mablag' Superliga ishtirokchilari o'rtasida qanday taqsimlanishi bo'yicha mexanizm ishlab chiqiladi va u klublar bilan muhokama qilinadi. Ayni vaqtda esa Dubayda faoliyat olib borayotgan agentlik tomonidan Liga hisob-raqamiga kelib tushadigan mablag'ning teng yarmi “Paxtakor” futbol klubiga o'tkazib beriladi. Uning qolgan qismi esa translyatsiyani uzatish xarajatlarini qoplashga sarf etiladi.
Bu kabi takliflar Superliganing butun bir mavsumi yoki uning doirasidagi ayrim uchrashuvlarni translyatsiya qilish ustida borgan taqdirda, Liga shartnoma shartlari va kelishuv summalari masalasida o'z Ijroiya qo'mitasiga hisobot beradi", – deyiladi PFL xabarida.