
Xalqaro futbol assosiasiyalari federasiyasi (FIFA) 2030 yildan keyingi Jahon chempionatlari taqvimini qayta ko‘rib chiqish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Bunga so‘nggi yillarda kuzatilayotgan keskin issiq haroratlar va iqlim o‘zgarishi sabab bo‘lmoqda.
RMC Sport xabariga ko‘ra, tashkilot rahbariyati mundialni yoz oylarida o‘tkazish qanchalik maqbul ekanini muhokama qilyapti. Bunga AQSH, Kanada va Meksikada o‘tayotgan JCH–2026 davomida kuzatilgan g‘ayrioddiy issiq ob-havo hamda iqlim o‘zgarishining musobaqalarga ta’siri asosiy sabab sifatida keltirilmoqda.
Bunga yaqqol misol sifatida JCH–2026 1/8 finalidagi Fransiya — Paragvay uchrashuvi keltirilgan. Filadelfiyada bo‘lib o‘tadigan bahs boshlanishi arafasida havo harorati 38 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Shaharda ekstremal issiqlik bo‘yicha rasmiy ogohlantirish ham e’lon qilingan. Bunday sharoitda jamoalar mashg‘ulotlarni ham o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda.
FIFA 2030 yildan keyin xalqaro futbol taqvimini yanada keng qamrovli isloh qilish masalasini ham muhokama qilmoqda. Tashkilot fikricha, iqlim sharoiti sabab 2022 yilgi Qatar mundialining noyabr—dekabr oylariga ko‘chirilishi o‘zini oqlagan. O‘shanda ko‘plab mutaxassislar va futbol vakillari jamoalarning o‘yin sifati hamda futbolchilarning jismoniy holatini yuqori baholagan edi.
Shu bilan birga, Ispaniya, Portugaliya va Marokash mezbonlik qiladigan Jahon chempionati–2030 avval tasdiqlangan rejaga muvofiq yoz faslida o‘tkaziladi. Biroq FIFA iyun va iyul oylarida, ayniqsa, Marrakesh kabi harorat 40 darajadan oshib ketishi mumkin bo‘lgan shaharlarda o‘yinlar tashkil etish jiddiy savollarni keltirib chiqarayotganini tan olmoqda.
Tashkilot ta’kidlashicha, muammo faqat stadionlardagi sharoit bilan cheklanmaydi. Mashg‘ulot bazalari, fan-zonalardagi muxlislar xavfsizligi, xodimlar uchun mehnat sharoitlari va o‘yinlarning boshlanish vaqti ham muhim ahamiyatga ega.
FIFA prezidenti Janni Infantino ham yirik musobaqalarni o‘tkazish muddatlarini qayta ko‘rib chiqish ehtimolini istisno etmagan. Manba ma’lumotiga ko‘ra, Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati–2034 katta ehtimol bilan qish faslida tashkil etiladi. Keyingi mundiallarning yozgi formatda o‘tkazilishi esa FIFAning 2030 yildan keyin qabul qiladigan qarorlariga bog‘liq bo‘ladi.