Igor Sergeev mundial yakuni, TOP jamoalarga qarshi uchrashuv va kelajakdagi rejalar bilan o'rtoqlashdi

  • Mr.NoBoDy 28.06.2026 08:32
  • 1519
  • 30

O'zbekiston MTJ hujumchisi Igor Sergeev mundial yakuni, TOP jamoalarga qarshi uchrashuv va kelajakdagi rejalar bilan o'rtoqlashdi.

Erkakcha gapirganda, afsuski, biz uchun jahon chempionati yakunlandi. Albatta, biz kutgan natija bo'lmadi, lekin umuman olganda taassurotlar qanday, dastlabki uchta o'yin qanday o'tdi?

– Natijaga qaramay, albatta, bu yerda bo'lganimizdan xursandman. Natija, albatta, kayfiyatni biroz buzdi, lekin boshqa tomondan, oldinga harakat qilishda davom etamiz. Menimcha, murabbiylar shtabi ham, yigitlar ham bunday daraja qanday bo'lishini ko'rishdi. Xatolar ustida ishlab, oldinga intilamiz. Men oldin ham aytgandim, hozir ham yigitlarga takrorladim – boshni tushirmaslik kerak. Ha, og'riqli, ha, yoqimsiz, bunga qo'shilaman, hamma uchun shunday: bizga ham, yaqinlarimizga ham, butun mamlakatga ham, to'g'ri. Lekin oldinga harakat qilish kerak, ishlaymiz, qo'lni tushirmaymiz va menimcha, ikki-uch baravar ko'proq mehnat qilamiz.

O'yindan keyin kiyinish xonasida Fabio Kannavaro bilan gaplashdingiz, u juda ehtirosli gapirayotgandi, balki sizga biror gap aytgandir yoki dashnom bergandir?

– Keling, bu jamoaning ichida qolsin. Ha, uning ham o'z tashvishlari, hayajonlari bor edi. U shunday narsalarni gapirdiki, menimcha, ular kiyinish xonasida qolishi kerak.

Faoliyatingizdagi birinchi jahon chempionatidan qanday fikrlar bor edi?

– Bu borada, keling ochig'ini aytaylik, biz go'dak emasmiz-ku, raqiblar jiddiy, eng kuchli jamoalar ekanini tushunib turgandik – Portugaliya ham, Kolumbiya ham shunday. Kongoni ham negadir hamma hisobdan chiqarib qo'ygandi, lekin biz ularning videolarini ko'rgandik, juda tartibli jamoa. Umidlar katta edi, hech bo'lmaganda guruhdan chiqishni maqsad Ko'rgandik. Ammo qanday bo'lgan bo'lsa, shunday bo'ldi.

Men Rossiyadanman. Bizning futbolchilar yutqazib qo'yishsa, ular ijtimoiy tarmoqlarda o'zlarini nimalar kutayotganini yaxshi bilishadi. Ilgari umuman futbol ko'rmagan, lekin jahon yoki Yevropa chempionati boshlangani uchun tomosha qilishni boshlagan odamlar darhol ularni er bilan bitta qilishni boshlashadi. Sizlarda ham shunday bo'lishidan xavotir bormi?

– Baribir norozi bo'ladigan odamlar topiladi, futbolni tushunmay turib, shunchaki tomosha qiladigan va faqat g'alaba qozonishimizni istaydiganlar bor. Men ularni tushunaman. Terma jamoada shunday davr bo'lgandi, bizni rosa "yanchishgandi", to'g'ri, shunday payt bo'lgan. Lekin biz o'syapmiz, mana, jahon chempionatiga chiqdik va bu salbiy kayfiyat kamayib bormoqda. Baribir bizni qo'llab-quvvatlaydigan odamlar bor va ularning aksariyati, hatto yutqazganimizda ham suyab turishadi.

Umuman olganda, jahon chempionatiga chiqqanimizning o'zi katta yutuq. Tarixda birinchi marta va bu xalqimiz uchun, hatto futbolga qiziqmaydigan, har safar futbol ko'rmaydigan, futbolning ichki "sir-asrorlaridan" xabari yo'q odamlar uchun ham ijobiy manoda juda katta turtki bo'ldi deb ayta olaman.

Hozir ham tanqidlar bo'ladi, bunga ishonchim komil, lekin avvalgidek ko'p emas. Chunki aytganimdek, biz o'syapmiz va hozirgi kunda terma jamoaga bo'lgan ishonch va ijobiy yondashuv darajasi ancha yuqori.

Bayram shukuhini his qila oldingizmi? Baribir bu yerda eng kuchli jamoalar, o'sha Ronalduga qarshi maydonga tushish, to'la stadionlar, odamlar oqimi, katta shov-shuv. Bu yerda muxlislar ham... Birinchi bo'limda stadion xuddi Toshkentda bo'lgandek tuyuldi.

– Umuman olganda, bu erga kelganimizdan beri, birinchi o'yinda Kolumbiyaga qarshi o'ynaganimizda, stadionning 90 foizi, mayli, 80 foizi Kolumbiya muxlislari bo'lgan bo'lsa ham, 80 ming odam hayqirganda paydo bo'ladigan muhit, aura – bu o'zgacha. Albatta, yigitlar ham bu lahzani his qilishdi deb o'ylayman. Ikkinchi o'yinda Krishtianuga qarshi o'ynadik... Kayfiyatni faqat natija biroz buzdi, yigitlarga ham aytdim, baribir 5 ta gol o'tkazib yuborish ko'p, juda ko'p. To'g'ri, u yerda ham o'ziga yarasha nozik jihatlar bor.

Boshqa tarafdan, kimki faqat yomonlikni ko'rishni istasa, doim yomonlik topadi. Kim yaxshilikni ko'rishni istasa, doim yaxshilik topadi. Ha, yutqazdi, lekin yomon tajriba ham - tajriba. Bundan xulosa chiqarish mumkin va chiqarish kerak, keyin esa oldinga intilish lozim.

Mana shunday katta turnirlar tamini sezib ko'rgandan keyin, bundan buyog'iga nimalarni xohlaysiz? Osiyoda barqaror ravishda kuchli uchlikka kirish kerakligi tushunarli, lekin jahon chempionatlariga chiqish borasida qanday orzular bor?

– Mening shaxsiy maqsadim – orqaga qadam tashlamaslik. Qanday rivojlanayotgan bo'lsak, qanday ketayotgan bo'lsak, mayli sekin bo'lsin, mayli kichik qadamlar bilan bo'lsin, lekin xuddi shunday oldinga qarab davom etishimiz kerak. Ha, bu jahon chempionatida nimalarga qodirligimizni to'liq ko'rsata olmadik, xatolar bo'ldi, mayli, buni chetga surib turaylik. Endi keyingi safar ham jahon chempionatiga chiqishga harakat qilish kerak.

Bu erga shunchaki bir marta tasodifan kelib qolmaganimizni, balki har safar barqaror ravishda chiqa olishimizni isbotlashimiz lozim. Keyin esa guruhdan ham barqaror chiqishga intilish kerak. Albatta, bular biroz yuqori maqsadli fikrlar, lekin harakat qilish kerak. Aytganimdek, qadamma-qadam harakat qilsak, ichki chempionatimiz ham o'sadi va oldinga intilamiz. Men aynan mana shuni xohlayman. Men mana shuni kutyapman: shunchaki "bo'ldi, chiqdik, keldik, rahmat kattakon, endi yana 30 yil kutamiz" emas, yo'q, men buni xohlamayman.

Osiyoga kelsak, u yerda albatta boshqacha vazifalar bo'ladi va menimcha, u yerda chempionlik uchun kurashish bizning qo'limizdan keladi.

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar