
Shotlandiya banki JCH-2026 saralash bosqichining so'nggi turidan o'rin olgan Daniyaga qarshi o'yinda (4:2) Maktominey tomonidan chalqancha uslubda kiritilgan gol aks etgan, nominal qiymati 20 funt bo'lgan cheklangan miqdordagi esdalik banknotalari chiqarilishini e'lon qildi.
Jami 100 dona ramziy banknota tayyorlangan bo'lib, ularning 50 tasini to'g'ridan-to'g'ri sotib olish mumkin bo'ladi, 25 tasi yutuqli o'yinlarda o'ynaladi, qolgan 25 tasi esa aukcion orqali sotiladi. Ko'rgazmali sotuvdan tushgan barcha mablag'lar Shotlandiyadagi uysiz insonlarga ko'mak beruvchi "Crisis" xayriya jamg'armasiga o'tkazib beriladi.
"Tarixiy gol. Hal qiluvchi uchrashuv. Shotlandiya milliy terma jamoasining AQSHga yo'l olishiga yordam bergan o'sha unutilmas lahza endi cheklangan miqdordagi 20 funtlik banknotada abadiy muhrlandi. Skott Maktominey bilan hamkorlikda yaratilgan va shotlandiyalik illyustrator Keti Smit tomonidan jonlantirilgan ushbu banknota shotland futboli tarixidagi eng muhim pallalardan biriga bag'ishlanadi.
Muomalada atigi 100 dona banknota mavjud bo'lib, ularning 50 tasini xarid qilish imkoniyati bor, 25 tasi sovrinli o'yinlarga qo'yiladi va 25 tasi aukcionda sotiladi. Yig'ilgan barcha mablag'lar hamkorimiz hisoblangan 'Crisis' xayriya fondiga, ularning 2040 yilgacha Shotlandiyada uysizlikka butunlay chek qo'yish borasidagi missiyasini qo'llab-quvvatlash uchun yo'naltiriladi", - deyiladi Shotlandiya banki rasmiy bayonotida.