
Mamlakatda Ebola virusi tarqalganiga qaramay, DR Kongo terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionatiga qo‘yiladi. Bu haqda Kongo futbol federasiyasi (FECOFA) ma’lum qildi.
Avvalroq, epidemiya sababli jamoa Kinshasadagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini bekor qilgan edi. Oq uyning Jahon chempionati bo‘yicha ishchi guruhi ijrochi direktori Endryu Juliani jamoa hozirda shug‘ullanayotgan Belgiyada karantinda bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.
FECOFA bayonotidan muhim nuqtalar:
23 may kuni FIFA vakillari bilan videokonferensiya o‘tkazildi. Unda DR Kongo terma jamoasi, xodimlar va muxlislarning turnirga kelishi kutilayotgani tasdiqlandi.
Federasiya FIFAga futbolchilarni xavf ostiga qo‘ymaslik va AQSH hukumati xavfsizlik protokollariga rioya qilish uchun barcha choralar ko‘rilganini ma’lum qildi.
Terma jamoaga chaqirilgan o‘yinchilarning deyarli barchasi va xodimlarning katta qismi Yevropada yashab, shug‘ullanadi. Shu sababli ularda virus yuqtirish xavfi yo‘q.
Kinshasadan Belgiyaga yo‘l olgan xodimlar 20 may kuni mamlakatni tark etishgan. Ular AQSHga uchib ketishdan oldin Yevropada kamida 21 kun bo‘lishadi va bu belgilangan talablarga to‘liq javob beradi.
Uchrashuv yakunida FIFA va FECOFA terma jamoa barcha sanitariya me’yorlariga amal qilgan degan xulosaga keldi va delegasiyaga Jahon chempionatiga tayyorgarlikni davom ettirish tavsiya etildi.