
Uchrashuv yakunlanganidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Jamoliddin Rahmatullaev matbuot anjumanida qatnashdi.
- Ajoyib, jangovar o'yin bo'ldi. Birinchi bo'limda o'yinni nazorat qildik, golli vaziyatlar yaratdik. Ko'plab o'yinlardagi kabi realizaciyada muammolar kuzatildi. Ikkinchi bo'limda raqib bosimni kuchaytirdi. Chunki ular mag'lubiyatga uchrayotgandi. Shu sababli to'p o'rtada qolmadi. Bazida raqiblar, bazida biz hujumda omadimizni sinab ko'rdik. Tezkor hujumlardan biri gol bilan yakunlanganda, o'yin anchagina bosilardi, deb o'ylayman. Afsus bu narsani raqib amalga oshirdi va durang bo'ldi. Muxlislar bugun ajoyib o'yin ko'rishdi.
- Bugun tarkibda Asilbek Aliev ko'rinmadi.
- U U-17 termasi bilan Osiyo chempionatida ishtirok etish uchun Saudiya Arabistoniga yo'l olgan.
- Muxlislar e'tiborini tortgan Emmanuel haqida ma'lumot bersangiz.
- U 2010 yilda tug'ilgan. Onasi o'zbekistonlik. Otasi Afrika qitasidan kelgan va hozirda O'zbekiston fuqarosi. Emmanuel O'zbekiston U-16 terma jamoasining asosiy hujumchisi hisoblanadi, juda istedodli, mehnatkash yigit. O'tgan turda unga 30 daqiqa o'yin amaliyoti berdik, bugun ham maydonga tushdi. Bu unga katta tajriba berdi. Pro-liganing bu yilgi darajasi yuqori. Har bitta jamoa bir-biriga qarshilik ko'rsatmoqda. U-17 termasiga yaxshi hujumchi etkazib berishimizdan xursandmiz. Asilbek Aliev ham o'z o'yinini biroz yo'qotgandek ko'ringandi. Proligadagi chiroyli o'yinlari orqali u U-17 terma jamoa bosh murabbiyi Sergey Chigodaevning e'tiboriga tushdi. Maqsadimiz o'zi shu. Ko'plab futbolchilarimiz U-20 termasining kengaytirilgan tarkibi a'zosi hisoblanadi, biroq asosiy futbolchilari emas. Ular shu jamoadagi o'yinlari orqali terma futbolchilariga raqobat taklif qilishi kerak. Yigitlar hozir yaxshi rivojlanishmoqda. Bundan faqatgina o'zbek futboli yutadi.
E'tibor bergan bo'lsangiz, tarkibimizda Andijon, Navoiy, Farg'ona futbol akademiyalari tarkibida birinchi ligada o'ynagan futbolchilar ko'p. Shu sababli o'yinlarda bazida mahorat va tajriba o'z so'zini aytmoqda. Lekin yigitlar juda istedodli, mashg'ulotlarda yaxshi mehnat qilishmoqda. O'ylaymanki, bu tempda davom etadigan bo'lsak, ushbu yigitlar termaga raqobatbardosh jamoa bo'lishadi.
- Bugun jamoa futbolchilariga ko'plab etirozlar bildirdingiz. Jamoangiz o'yinidan qoniqdingizmi?
- 100 foiz demayman, chunki yuta olmadik. Biroq yutsak ham har doim 100 foiz ko'ngil to'lishi qiyin bo'ladi. Birinchi bo'limni yigitlar yaxshi o'tkazishdi, ko'rsatmalarni to'g'ri bajarishdi va bundan ko'nglim to'ldi. Tarkibning yosh futbolchilardan tashkil topgani jismonan va ruhan tomondan sezilmoqda. Ko'plab uchrashuvlarda 80-daqiqadan keyin ikkita gol o'tkazib yuborib, g'alabani boy berdik. "Metallurg" bilan ham shunday bo'ldi. Ularning yoshligi va tajriba o'z so'zini aytmoqda. Bazida yaxshi o'ynab turib, o'yin nazoratini raqibga berib qo'yyapmiz. Bunga faktorlar ko'p. Buning ustida ishlamoqdamiz. Hissiyotlarga berilgan vaqtda yigitlarga ko'rsatmalar beryapmiz. O'yin paytida tartib-intizomdan chiqib ketmasligiga harakat qildim. Charchoq bo'lganda e'tiborning muhimligi oshadi.
- Standartlar ustida jamoaning anchagina ishlagani ko'rinib turibdi. Bugun gol ham aynan standartdan keyin kiritildi.
- Zamonaviy futbolda standartlardan keyin urilgan gollar foizi oshib ketdi. O'yin oldidan raqibni taxlil qilganimizda ular ham standartlarga katta e'tibor berishini va bunda juda xafvli ekanligini ko'rgandik. "FarDU"ga qarshi o'yin uchun standartlarga katta e'tibor berib, tayyorlandik. Bu o'z foydasini keltirsa, albatta, quvonarli.