
Qirollik Ispaniya futbol federasiyasi (RFEF) Yaponiya futbol assosiasiyasi (JFA) bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi.
Mazkur voqea Xalqaro futbol federasiyasining (FIFA) 76-kongressi bo‘lib o‘tayotgan Vankuver shahrida tashkilot prezidenti Rafael Luzan va uning hamkasbi Suneyasu Miyamoto o‘rtasidagi uchrashuvda yuz berdi.
Hamkorlik kelishuvi doirasida tomonlar kelgusi to‘rt yil davomida ayollar futboli, futzal, plyaj futboli, yoshlar futbolini rivojlantirish, hakamlik, tibbiy xizmat ko‘rsatish va turli sport turlaridagi innovasiyalar kabi sohalarda o‘zaro tajriba hamda mutaxassislar almashish majburiyatini oldilar.
Bundan tashqari, ushbu kelishuv Ispaniya va Yaponiya o‘rtasida turli yo‘nalishlar va toifalar, jumladan, ayollar terma jamoasi hamda futzal bo‘yicha milliy terma jamoalar ishtirokida xalqaro o‘yinlar tashkil etilishiga xizmat qiladi.