
FIFA Vankuverdagi kongress paytida Janni Infantino uchun polisiya tomonidan kuchaytirilgan kuzatuv so‘ralgani haqidagi xabarlarni rad etdi.
FIFAning yillik kongressi 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadi. Avvalroq, tashkilot Infantino uchun to‘rtinchi darajali to‘liq avtomobillar kortejini so‘ragani haqida xabarlar tarqalgan edi. Bunday xavfsizlik darajasi svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtamasdan harakatlanish va boshqa transport vositalarini bloklash imkonini beradi. Ma’lum qilinishicha, Vankuver polisiyasi ushbu so‘rovni rad etgan. Ta’kidlash joizki, bu kabi kuzatuv odatda AQSH prezidentlarining Kanadaga tashrifi chog‘ida taqdim etiladi.
«FIFA tashkilot prezidenti uchun maxsus polisiya kortejini so‘ramagan. FIFA prezidenti o‘zining 76-FIFA kongressidagi harakatlanishi va xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq hech qanday so‘rovdan xabardor bo‘lmagan va ularga aloqasi yo‘q.
Bu kabi tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha avvalgi kelishuvlarga muvofiq, mahalliy tashkilotchi sifatida "FWC26 Canada" barcha delegatlar, mehmonlar va manfaatdor tomonlarni qo‘llab-quvvatlashni so‘rab rasmiy idoralarga murojaat qilgan.
FIFA prezidentning transporti va xavfsizligiga oid protokollarni sharhlamaydi va Vankuver huquq-tartibot idoralariga shu hafta davomidagi doimiy ko‘magi uchun minnatdorchilik bildiradi», — deyiladi FIFA bayonotida.