Islom Ahmedov: "Xarakter ko'rsatib ikkinchi bo'limda g'alabani ilib ketdik"

  • Mr.NoBoDy 28.04.2026 23:40
  • 936
  • 30

Superliga 10-turdan o'rin olgan "Andijon" – "Dinamo" bahsi 2:1 hisobida yakun topdi.

O'yindan keyin "Andijon" bosh murabbiyi Islom Ahmedov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Avvalambor Andijon xalqimizni, muxlislarni, klubimiz rahbariyati va viloyatimiz hokimini bugungi muhim g'alaba bilan tabriklayman. Bilamizki, Samarqand jamoasida juda yaxshi futbolchilar jamlangan. Qayerdadir omad yetishmayapti, lekin "Dinamo"ning o'z o'yin uslubi bor va tajribali murabbiy boshqarmoqda. Uchrashuv qiyin kechishini bilgandik. Yigitlarga rahmat, xarakter ko'rsatib ikkinchi bo'limda g'alabani ilib ketdik.

- "Bunyodkor" bilan o'yinda boshqa tarkib maydonga tushgandi, bugun esa boshqa tarkib. Bu ham bir taktikami?

- Jamoani qabul qilib olganimizdan so'ng o'z o'yin uslubimizni qurishni boshladik. Maqsadimiz hech kimga moslashmaslik. Ichki raqobatni kuchaytirdik. Kim tayyor bo'lsa shuni o'ynatyapmiz. Bu o'z samarasini berayotganidan xursandmiz.

- Mavsum boshidan beri murabbiylar shtabidasiz. Babayan paytida jamoaga nima yetishmadi?

- Samvel Vyacheslavovich kuchli murabbiy va u kishi oldiga uchinchi o'rin vazifasi qo'yilgandi. Qo'ldan kelgancha birga ishlab yordam berdik. Qayerdadir omad kelmadi. Keyin o'zimiz jamoani qabul qildik va hozir bazi jihatlarni o'zgartirishga harakat qilyapmiz.

- Zaxiradan tushgan futbolchilarga qanchalik ishongandingiz va nima deb ko'rsatma berdingiz?

- Har bir o'yindan oldin futbolchilar bilan gaplashamiz. Hammaga sen asosiy tarkib futbolchisi deymiz. Zaxirada qolganlar ham biz uchun asosiy tarkib futbolchisi. Faqat ular ikkinchi bo'limda maydonga tushib jamoaga yordam beradi. Bizni xursand qilayotgan tomoni - hech kim o'zini zaxira o'yinchisi deb his qilmayapti. Bu orqali ichki muhit ham yaxshilanib bormoqda.

- Bugun negadir o'rtadagi paslar o'xshamadi. "Bunyodkor" bilan bahsda bu ish bergandi.

- "Dinamo"ga nisbatan bir kun kam dam olganimiz ham ta’sir qildi. Qolaversa oldingi chiziqdagi futbolchilarimiz o'tgan o'yin maydonga tushib to'liq harakat qilishgandi. Toliqish sabab biz hududlardan tez chiqib keta olmadik. To'p bilan yerda o'ynay boshlagach, hammasi joyiga tushdi.

- Maydon holati bo'yicha fikringiz?

- E'tibor bergan bo'lsangiz, birinchi hududdan qisqa va o'rta paslar orqali chiqib ketishga harakat qilyapmiz. Buning uchun bizga ham tekis maydon kerak bo'ladi. Ochig'i, maydonning bu holatidan bizning ham xabarimiz yo'q edi. O'zimiz ham ozgina ranjidik. Chunki o'yin falsafamiz to'pni nazorat qilishga qaratilgan. Kecha bu maydonda shug'ullanmadik, maydonni faqat o'yin kuni ko'rdik.

- Dastlabki ikki o'yiningiz safarda bo'lgandi. Bugun esa andijonlik muxlislar qarshisida uyda birinchi o'yinni o'tkazdingiz. Shu haqda fikringiz?

- Shunday muxlislarga ega jamoa doim g'alaba qozonishi kerak deb o'ylayman. Jamoamiz muxlislariga gap-so'z bo'lishi mumkin emas. Lekin ikkinchi tomondan bosim ham bor. Bazan futbolchilar shoshib qoladi, aslida futbolni shoshmay to'g'ri o'ynash kerak. Muxlislarimiz g'alabaga loyiq. Bu esa jamoaga katta turtki beradi.

Ўхшаш янгиликлар