Islom Ahmedov: “Xudo xohlasa, muxlislarimizni xursand qiladigan futbolni olib kirmoqchimiz”

  • Mr.NoBoDy 16.04.2026 07:32
  • 174
  • 30

Xabaringiz bor, kecha “Andijon” jamoamizga yangi bosh murabbiy sifatida Islom Ahmedov tayinlandi.

Bungacha murabbiylar shtabida ishlab kelgan mutaxassisda endi mustaqil ravishda o'zini ko'rsatish uchun yaxshi imkoniyat paydo bo'ldi. Klub matbuot xizmati esa yangi lavozimda ish boshlagan Islom G'ulomovichdan dastlabki intervyuni oldi.

- "Andijon" klubi bosh murabbiyligi sizga topshirildi. Bunday tayinlovga munosabatingiz qanday bo'ldi va o'zingizni har tomonlama tayyorman deb hisoblaysizmi?

- Assalomu alaykum. Ochig'i, bu tayinlov kutilmaganda bo'ldi. Sababi, men bu erga Samvel Vyacheslavovichdan ish o'rganib, katta muhitga moslashish bo'yicha kelgandim. Lekin vaziyat taqozosi bilan shunaqa o'zgarish yuz berdi. Lekin orzu qilib, vaqti kelib, katta futbolda murabbiy sifatida ishlashimni bilardim. Biroq voqealar rivoji bunchalik tez tus olishini o'ylamagandim. Futbol akademiyasi jamoasida ikki yil birinchi ligada professional murabbiylik qilganim menga hozirgi ish jarayonimda juda asqotyapti.

- Jamoa 7-turdan keyin turnir jadvalida 14-pog'onada boryapti. Vaziyatni o'nglash uchun e'tiborni avvalo nimaga qaratmoqdasiz?

- Bilasizmi, boshqacha holatda biz uchun bunday imkoniyat bo'lmasligi aniq edi. Sababi, o'z oldiga yuqori o'rinlarni egallash vazifasi qo'yilgan jamoada endi ish boshlayotgan yosh murabbiyga imkoniyat berilishi qiyin jarayon hisoblanardi. Ammo bizga bu juda yaxshi tajriba va sinov bo'ladi. Ayniqsa, murabbiylik salohiyatini oshirishda bu hol qo'l keladi. Avvalambor, hozirda jamoamiz biroz tushkun ahvolda. Sababi, 5 ta mag'lubiyat juda yoqimsiz. Shu bois avvalo, bunday holatda ichki muhitni yanada yaxshilab, ko'tarinkilik olib kirish, ularni ruhan ko'tarish, o'ziga bo'lgan ishonchini qaytarish bo'yicha ko'proq ish olib boryapmiz. Xudo xohlasa, qo'ldan kelganicha bilim va tajribalarimizdan kelib chiqib vaziyatni o'zgartirishga harakat qilamiz. Futbolchilarga o'ziga bo'lgan ishonchini qaytarsak albatta yaxshi bo'lib kyetishi kerak. Chunki ularni potenciali yuqori. Muxlislarimizni qo'llab-quvvatlashi bilan albatta ijobiy o'zgarishlar bo'ladi, degan umiddaman.

- Yosh murabbiy sifatida bu o'zingizni ko'rsatish uchun yaxshi imkoniyatdir. Shunday ekan, qanday yangiliklarga qo'l urmoqchisiz?

- Har bir murabbiyni o'z falsafasi bo'ladi. Oldingi ishlagan joyimda ham o'zimni futbol falsafamga ega edim. Bu yerda esa yanada qo'shimcha ish o'rganib, tajriba orttirish edi. Avvalo, futbolchilarga ishonch! Superliga o'yinlarini ko'p kuzataman. Xohlaysizmi-yo'qmi, birinchi o'rinda natija turadi. Oldingi ishlagan joyimda yoshlarni terma jamoalarga, katta klublarga tayyorlash edi. Hozir esa endi birinchi o'ringa natija chiqadi. Biz shunday yo'l tutamizki, o'yinchilarimizga erkinlik berib, qo'rqmasdan o'z imkoniyatlaridan foydalanib, futboldan rohatlanishlarini taminlab beramiz. Biz ularga yo'nalish beramiz va o'zlari tanlashadi. Mashg'ulotlarimizni o'zgartirganmiz. Asosan to'p nazoratiga, to'psiz maydonni nazorat qilishga va yana bir qancha ish jarayonlari bo'yicha e'tiborni kuchaytirganmiz. Xudo xohlasa, boshqacha futbol o'ynashadi. Klub rahbariyati bizni har tomonlama qo'llab-quvvatlamoqda. Ishlash uchun barcha sharoitlar etarlicha. Qo'yayotgan falsafamizni futbolchilar qancha tez o'zlariga singdirib borishsa shuncha yaxshi bo'ladi va bu vaziyatdan tez chiqib ketamiz.

- Murabbiylar shtabingiz haqida ham to'xtalib o'tsangiz.

- Jismoniy tayyorgarlik bo'yicha Branko Chirich ishini davom ettirmoqda. Analitik mutaxassisimiz ham biz bilan birga. Bundan tashqari, hozirda O'zbekistondagi tajribali, yosh va izlanuvchi murabbiy Sergey Arslonovni yordamga chaqirgandik va u yo'q demasdan keldi. Unga katta rahmat aytamiz. O'zimizni andijonlik darvozabonlar murabbiyi Bekzod Turg'unovni ham taklif qilganmiz. Shtabimiz asosan shijoatli yosh murabbiylardan tashkil topgan. Bu esa biz murabbiylar uchun yangi chaqiruv. Sergey Arslonov oldin bunday vaziyatlarda ishlagani uchun uni tajribasi bizga katta qo'l keladi.

Ўхшаш янгиликлар