
Unga ko'ra, mahalliy mutaxassis Islom Ahmedov vaqtincha bosh murabbiy lavozimiga tayinlandi. Bungacha u murabbiylar shtabida faoliyat ko'rsatib kelayotgandi.

Ma'lumot uchun, Islom Ahmedov 1986 yilning 8 iyul sanasida tavallud topgan. Andijon futboli tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Futbolchi sifatida “UzDongJu”, “Dinamo” (Samarqand), “So'g'diyona” va albatta “Andijon” sharafini himoya qilgan.
Murabbiy sifatida “Andijon” futbol akademiyasida ko'p yillar davomida samarali ish olib borgan.

Shuningdek, jamoa murabbiylar shtabida Ahmedovga Sergey Arslanov yaqindan yordam beradi. U 1986 yilning 6 noyabr sanasida tavallud topgan bo'lib, o'yinchilik faoliyatini “Mashal”, “Sho'rtan”, “UzDongJu” singari klublarda o'tkazgan. Qolaversa, “Paxtakor”, “Kuban” (Rossiya) va “Dinamo” (Kiev, Ukraina) akademiyalarida tahsil olgan. Murabbiy sifatida Qirg'izistonning "Dordoy” klubini boshqargan. Shuningdek, yurtimizda “Surxon”, “Neftchi” hamda “So'g'diyona” jamoalarida faoliyat olib borgan. Endilikda esa “Andijon”da katta murabbiy lavozimida ishlaydi.
Bundan tashqari, darvozabonlar murabbiyi sifatida bungacha U-21 jamoasida mehnat qilib kelayotgan Bekzod Turg'unov ish olib boradi.
Eslatib o'tamiz, "Andijon" kecha Samvel Babayan bilan rasman xayrlashgan edi.