
FIFA Eron terma jamoasi o‘yinlarini boshqa davlatga ko‘chirish masalasi bo‘yicha qaror qabul qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Eron terma jamoasi kelasi jahon chempionatida o‘z o‘yinlarini AQSHda o‘tkazishi kerak. Biroq jamoa Amerika tomonidan Eronga qilingan hujum sababli Amerika Qo‘shma Shtatlariga borishdan bosh tortmoqda.
Shu munosabat bilan o‘yinlarni Meksikaga ko‘chirish bo‘yicha muzokaralar olib borilgan. Ammo The Times nashri xabar berishicha, FIFA bu imkoniyatni «amalga oshirib bo‘lmaydigan» deb baholab, rad etgan.
Qayd etilishicha, uchrashuvlarga chiptalar allaqachon sotib bo‘lingan. Shuningdek, o‘yinlarni ko‘chirish jahon chempionatida ishtirok etayotgan boshqa jamoalarga ham ta’sir qilishi mumkin.
2026 yilgi jahon chempionati kelasi yozda Amerika Qo‘shma Shtatlari, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Turnir 11 iyundan 19 iyulgacha davom etadi.
Eronning guruh bosqichidagi raqiblari: Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya.