
- Abror Ismoilov bilan Muhsin Ubaydullaev bir chiziqda o'ynasa shu chiziq zaif ko'rinyapti. "Andijon" ko'p marta shu chiziqdan hujumga o'tdi. Bu borada fikringiz qanday?
- Men unaqa deb o'ylamayman. Bugun Abror ham, Muhsin ham juda chiroyli o'yin namoyish etdi. Ko'p vaziyatlarda Muhsin Ubaydullaev birga bir raqibga imkon qoldirmadi. Abror Ismoilovga kelsak, u maydonda katta hajmli ishni bajaradi va pressing, qarshi hujumlarga chiqishda 60-70 metr masofani bir o'zi bosib o'tyapti. Bu esa futbolchidan ko'p kuch talab qiladi. Shu bilan birgalikda himoyada ham ko'p yordam beryapti. Albatta, raqibning ham o'z kuchli tomonlari bo'ladi. Masalan, Mahamadjonov yaxshi futbolchi ekanini, uning "Dinamo"da qanday o'yin namoyish etganini bilamiz. Po'latxo'ja Xoldorxonov ham yosh, tezkor futbolchilardan. Lekin bizning futbolchilar bu o'yinchilarga imkoniyat qoldirishmadi.
- Samvel Babayan jurnalistlar savoliga javoban rasmiy o'yinlarda Islombek Ismoilovga qarshi hali to'qnash kelmaganman deb aytib o'tdi. Bunga oydinlik kiritsangiz?
- To'g'ri, birinchi marta to'qnash keldik. Faoliyatim davomida "Andijon" klubiga va murabbiy Samvel Babayanga qarshi birinchi marta ishtirok etdim.
- Besh kundan so'ng Superkubok uchun "Paxtakor"ga qarshi o'yin bo'ladi. Ijtimoiy tarmoqlarda Ikrom Aliboev shu o'yinda maydonga qaytishi mumkinligi haqida gaplarga ko'zimiz tushdi. Uning holati va umuman Superkubok haqida aytib o'tsangiz.
- Ikrom Aliboev hozirgi paytda jarohatini tiklash jarayonida. Xayriyat hammasi ortda qoldi va futbolchi tez orada safimizga qaytishidan umidvormiz. "Paxtakor" bilan Superkubok o'yinigacha oldimizda besh kun vaqt bor va shu besh kun mobaynida futbolchining holatini kuzatamiz. Albatta, kim tayyor bo'lsa Superkubok o'yinida maydonga tushadi. Jamoamizda kayfiyat yaxshi, kuchli raqibga qarshi o'ynaymiz, biz ham maksimal harakat qilamiz. O'yindan o'yinga o'yinimiz sifati oshyapti, o'ylaymanki, "Paxtakor"ga qarshi eng idel o'yinimizni namoyish etib, bu yil hisobidan birinchi sovrinni qo'lga kiritamiz.