
Yomg'irli ob-havo, maydon holati, murabbiy qarorlari, zaxiradan tushgan futbolchilar va hatto VAR orqali ko'rib chiqilgan bahsli epizod ham uchrashuv dramaturgiyasini yanada kuchaytirdi. Ayniqsa, ikkinchi bo'limda Kamoliddin Tojiev tomonidan amalga oshirilgan o'zgarishlar o'yin taqdiriga sezilarli tasir ko'rsatdi. Natijada "sherlar" Qo'qonda so'nggi yillardagi noqulay ananani buzib, muhim g'alabaga erishdi.
Noqulay ob-havo o'yin ritmini buzdi
Qo'qondagi yomg'irli ob-havo va og'ir maydon birinchi bo'limda har ikki jamoaning rejalarini malum darajada o'zgartirib yubordi. Bunday sharoitda texnik va kombinacion futbol namoyish etish oson emas. Shu bois jamoalar avvalo maydon bilan "til topishib olish"ga majbur bo'lishdi.
Birinchi bo'limda ko'proq jismoniy kurashlar, uzun uzatmalar va ehtiyotkor o'yin kuzatildi. "Paxtakor" mehmonda o'ynayotganiga qaramay to'p nazoratini qo'lga olishga harakat qildi va pozicion ustunlikka erishdi. "Qo'qon-1912" esa himoyada intizomli harakat qilib, qarshi hujumlar orqali imkoniyat izlashga urindi.
Ikkinchi bo'limga kelib o'yin ritmi ancha tezlashdi. Biroq bu tashabbusni maydon egalari emas, balki "Paxtakor" futbolchilari boshlab berdi.

Tojievning zaxira qurollari
Ikkinchi bo'lim boshida Kamoliddin Tojiev amalga oshirgan o'zgarishlar uchrashuvning burilish nuqtasiga aylandi. Murabbiy Doston Hamdamov va Pyotr Pajishekni maydonga tushirdi. Bu ikki futbolchi ilk turda "Qizilqum"ga qarshi o'yinda ham jamoasiga g'alaba keltirgandi.
Qizig'i shundaki, ushbu tandem Qo'qonda ham samara berdi. Pajishekning faolligi va Hamdamovning hujum chizig'idagi harakatchanligi raqib himoyasiga muammolarni yog'dirdi. Bu esa "Paxtakor"ning hujumlarini yanada xavfli qildi. Lekin 2 ta o'yinda o'xshagan narsa keyingi turlarda yana takrorlanishini kafolatini bermaydi, chunki Pajishek hozircha 90 daqiqaga tayyor emasligi sababli asosan ikkinchi bo'limda maydonga tushirilmoqda. Agar u optimal sport formasiga kirsa, kelgusida boshlang'ich tarkibda ham ko'proq imkoniyat olishi mumkin.
Doston Hamdamovning harakatlari esa alohida etiborga loyiq. U nafaqat hujumlarni faollashtirdi, balki jamoaning oldingi chizig'idagi harakatlariga rang-baranglik qo'sha oldi. Agar u shu tempni saqlab qolsa, terma jamoa yig'iniga chaqiruv olishi ehtimoli yuqori. Zero, bosh murabbiy Fabio Kannavaro uni o'tgan yil noyabr oyidagi yig'inlarga ham jalb etgan va Misrga qarshi o'yinda maydonga tushirgandi.

Uchrashuvning kulminacion pallasi
O'yinning eng bahsli va dramatik lahzalaridan biri 70-daqiqada yuz berdi. "Paxtakor" hujumchisi Toma Tabatadze tezkor hujumga chiqib ketayotgan paytda "Qo'qon-1912" himoyachisi Muhammadrasul Abdumajidov uni to'xtatib qoldi. Bir qarashda bu vaziyat ochiq golli imkoniyatni yo'qqa chiqarish sifatida baholanib, to'g'ridan-to'g'ri qizil kartochkaga sabab bo'lishi mumkin edi.
Biroq bosh hakam G'ayrat Jo'raev epizodni VAR orqali qayta ko'rib chiqishga qaror qildi. Monitordagi takroriy lavhalar hujum boshlanishida ofsayd bo'lishi mumkinligini va hujumchining himoyachi harakatiga malum darajada tasir qilganini ko'rsatdi. Shu sababli vaziyat qayta baholandi va o'yin davom ettirildi.
Championat.asia nashrining hakamlik bo'yicha mutaxassisi, rossiyalik sobiq hakam Anatoliy Sinyaev ("Alyo, ref!" telegram kanali) mazkur epizodga nisbatan qiziq fikr bildirdi. Uning takidlashicha, vaziyatni ikki xil talqin qilish mumkin.
Mutaxassis fikriga ko'ra, hatto hujumchi ofsaydda bo'lmagan deb hisoblangan taqdirda ham himoyachi bilan bo'lgan kontaktni aniq qoidabuzarlik sifatida baholash qiyin. Unga ko'ra, epizodda engil kontakt bo'lgan, ammo hujumchi vaziyatdan foydalanish maqsadida maydonga yiqilgan bo'lishi mumkin.
Sinyaevning fikricha, ideal qaror — o'yinni davom ettirish edi. Shu bilan birga, VAR orqali vaziyatni qayta ko'rish ham to'g'ri qaror bo'lgan. Chunki bunday epizodlarda golli imkoniyat, qizil kartochka va ofsayd ehtimoli bir vaqtning o'zida paydo bo'ladi.
"Qo'qon-1912" kech uyg'ondi
Maydon egalari esa o'yinning hal qiluvchi pallalarida faollashdi. Biroq bu harakatlar ancha kech boshlandi. "Qo'qon-1912" o'yinning so'nggi qismida tashabbusni qo'lga olishga harakat qildi, ammo bu vaqtga kelib "Paxtakor" o'yin ritmini nazorat qilib ulgurgan edi. Penaltidan urilgan gol avvalroq sodir etilganida o'yin yakuni yanada intrigali kechardi.
Qo'qonliklar hujumda faollikni oshirgan bo'lsa-da, yakunlovchi zarbalar va aniq kombinaciyalar etishmadi. Shu sababli ular raqib darvozasi oldida kutilgan bosimni yarata olmadi. Jamoa butun o'yin davomida raqibi darvozasiga 3 bor zarba yo'lladi.

"Paxtakor" Qo'qonda noqulay ananani buzdi
Bu g'alaba "Paxtakor" uchun nafaqat turnir jadvali nuqtai nazaridan, balki psixologik jihatdan ham muhim ahamiyatga ega. Chunki Toshkent klubi so'nggi yillarda Qo'qonda oson g'alaba qozona olmayotgandi.
Statistikaga nazar tashlasak, "Paxtakor"ning bu maydondagi oxirgi g'alabasi 2020 yilga to'g'ri keladi. Keyingi uchrashuvlarda esa 2 ta durang va 1 marta maydon egalarining g'alabasi qayd etilgan edi. Shu jihatdan qaraganda, bu natija “sherlar” uchun muayyan psixologik to'siqni engishga xizmat qildi.
Startdagi 2 g'alaba "Paxtakor"ga ishonch berishi aniq. Endi ularni 3-turda "Navbahor" bilan jang kutmoqda. Bu o'yin 10 mart kuniga belgilangan. Keyin Superkubokda "Neftchi" bilan bahs kutib turibdi. Martni "So'g'diyona"ga qarshi uchrashuv bilan tugatadi. Qo'qonliklar 11 mart kuni Toshkentda "Lokomotiv" mehmoniga aylansa, keyin o'z maydonida "Navbahor"ni qabul qiladi.