
"Mashal" futbol klubi yangi mavsum oldidan tarkibni kuchaytirish maqsadida Shimoliy Makedoniya milliy terma jamoasi hujumchisi Vlatko Stoyanovskiy bilan rasman shartnoma imzoladi.
28 yoshli markaziy hujumchi xalqaro maydonlarda toblangan tajribali futbolchi hisoblanadi. U Evro-2020 final bosqichida ishtirok etgan bo'lib, Niderlandiya terma jamoasiga qarshi uchrashuvda maydonga tushgan. Stoyanovskiy terma jamoa safida 10 ta o'yin o'tkazib, 2 ta gol muallifi bo'lgan. 2019 yilda Avstriyaga qarshi Evro saralash bahsida zaxiradan maydonga tushib, qisqa vaqt ichida gol urishga muvaffaq bo'lgan. Shuningdek, Millatlar Ligasida Estoniya darvozasini ishg'ol qilgan.
Faoliyati davomida Vlatko Franciyaning "Nim" klubi safida Liga 1 uchrashuvlarida qatnashgan, shuningdek, Xorvatiyaning "Gorica" hamda Bolgariyaning "Levski" jamoalarida to'p tepgan. Bo'yi 187 sm bo'lgan hujumchi jismoniy ustunligi va jarima maydonchasidagi samarali harakatlari bilan ajralib turadi", – deyiladi klub xabarida.