
UFC matbuot xizmati BAAning Abu-Dabi shahridagi “Etihad” arenasida o‘tkazilgan UFC Fight Night 282 turniri yakunlariga ko‘ra, bonus sohiblarini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, o‘zbekistonlik Ramazon Temirov hamda Valter Uoker oqshomning eng yaxshi chiqishi uchun 100 ming dollardan mukofot pulini qo‘lga kiritdi. Oqshomning eng yaxshi jangi deya Rizvan Kuniyev va Tayrell Forchun o‘rtasidagi to‘qnashuv e’tirof etildi (ushbu jang uchun ham 100 ming dollar bonus berildi).
Shuningdek, o‘z jangini muddatidan avval yakunlagan va vazn o‘lchash marosimidan muvaffaqiyatli o‘tgan barcha g‘oliblar 25 ming dollardan qo‘shimcha bonus oldi. Ular qatoridan Magomed Ankalayev, Muhammad Saidov, Sem Patterson, Aksel Sola va Abdul Husayn joy olgan.
Eslatib o‘tamiz, oqshomning markaziy jangida rossiyalik Magomed Ankalayev o‘zbekistonlik MMA jangchisi Bogdan Guskovni beshinchi raundda texnik nokaut evaziga mag‘lubiyatga uchratdi. O‘ta yengil vazn toifasi vakili Ramazon Temirov esa avstraliyalik raqibini birinchi raunddayoq nokautga uchratdi.