
"Jamaica Observer" nashrining xabar berishicha, mutaxassis Italiyadan qabul qilib olingan yirik hisobdagi mag'lubiyatdan so'ng futbolchilarining O'zbekistonga qarshi bahsda yaxshiroq o'yin ko'rsatishiga ishonmoqda.
Yamayka terma jamoasi dastlabki turda amaldagi Yevropa chempioni Italiyaga 0:6 hisobida mag'lub bo'ldi. Ushbu uchrashuvda italiyaliklar raqib darvozasi tomon 33 marta zarba yo'llagan, Yamayka darvozaboni Omario Uayt esa 11 ta seyv amalga oshirgan.
"Eng muhimi – o'yinning mayda tafsilotlariga ham e'tibor qaratish va diqqatni jamlash. Himoyadagi xatolarimiz sabab o'yin boshida ikkita gol o'tkazib yubordik va keyin vaziyatni o'nglay olmadik. O'zimiz esa ikkita yaqqol golli vaziyat va yana bir nechta imkoniyat yaratdik, ammo ulardan foydalana olmadik. Menimcha, bu natijaga jiddiy ta’sir ko'rsatdi", – dedi Daunsvell.
Murabbiyning takidlashicha, jamoa Italiyaga qarshi bahsda yo'l qo'yilgan xatolarni tahlil qilib, O'zbekiston bilan uchrashuvga yaxshiroq tayyorlanmoqda.
"Biz Yevropa chempioniga qarshi o'ynadik. Ular juda tartibli va musobaqaga yaxshi tayyorgarlik ko'rgan. Ammo bu o'yindan kerakli saboqlarni oldik. Uchrashuv videosini ko'rib chiqib, xatolarimizni tahlil qilamiz va keyingi bahsda ijobiyroq o'yin ko'rsatishga harakat qilamiz", – dedi mutaxassis.
Daunsvell "Jamaica Gleaner" nashriga bergan intervyusida O'zbekiston terma jamoasiga ham baho berdi.
"O'zbekiston sifatli jamoa. Ularning Kot-d'Ivuarga qarshi o'yinini kuzatdik. Murabbiylar shtabimiz taktik yondashuvimizga zarur o'zgartirishlar kiritmoqda. Uch ochkoni qo'lga kirita olishimizga ishonamiz", – dedi yamaykalik murabbiy.
E'tiborlisi, Yamayka U-17 terma jamoasi o'z tarixida hali jahon chempionatlarida g'alaba qozonmagan. Jamoa 1999 va 2011 yillardagi musobaqalarda ham ishtirok etgan, biroq biror marta uch ochkoni qo'lga kirita olmagan.
O'zbekiston esa avvalgi sakkizta jahon chempionatining beshtasida ishtirok etib, har safar guruh bosqichidan muvaffaqiyatli o'tgan.
Eslatib o'tamiz, O'zbekiston U-17 terma jamoasi dastlabki turda Kot-d'Ivuarga 1:2 hisobida mag'lub bo'lgan. Shu bois Yamaykaga qarshi bahs har ikki jamoaning keyingi bosqichga chiqish imkoniyati uchun muhim ahamiyatga ega.
O'zbekiston – Yamayka uchrashuvi bugun, 23 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:00 da boshlanadi.