Saudiyalik futbolchining O'zbekistonga qarshi o'yinda chetlatilishi to'g'rimi? Hakamlik eksperti vaziyatga baho berdi

  • Mr.NoBoDy 17.11.2026 23:40
  • 13
  • 30

Iordaniyalik hakamlik eksperti Ahmad Abu Xadija O'zbekiston – Saudiya Arabistoni (2:1) o'rtoqlik uchrashuvida Ali Lajamining maydondan chetlatilishiga munosabat bildirdi.

Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubi himoyachisi tanaffusda Abduliloh al-Amriy o'rniga maydonga tushgan, ammo 50-daqiqada o'zbekistonlik futbolchiga nisbatan qo'pol harakati uchun to'g'ridan-to'g'ri qizil kartochka olgan edi.

Saudiyalik futbolchilar hakamning qaroriga keskin etiroz bildirishdi. Biroq bosh hakam VAR yordamida vaziyatni qayta ko'rib chiqqach, o'z qarorini o'zgartirmadi.

Iordaniyalik hakamlik eksperti Ahmad Abu Xadija “Al-Maydon” nashriga bergan intervyusida ushbu qaror to'g'ri bo'lganini ta'kidladi.

“Ali Lajamining O'zbekistonga qarshi o'yinda chetlatilishi to'g'ri qaror. Chunki u raqibiga nisbatan haddan tashqari kuch ishlatdi”, – dedi ekspert.

Kooora nashrining yozishicha, bu Lajamining Saudiya Arabistoni milliy terma jamoasi safidagi 27-uchrashuvida olgan ilk qizil kartochkasi bo'ldi.

Qayd etish joiz, futbolchi klub miqyosida avval ham uch marta maydondan chetlatilgan. U “An-Nasr” safida ikki marta, “Al-Xalij”da esa bir marta qizil kartochka olgan.

Eslatib o'tamiz, 17 noyabr kuni Dohada o'tkazilgan o'rtoqlik uchrashuvida O'zbekiston terma jamoasi Saudiya Arabistonini 2:1 hisobida mag'lub etdi.

Ўхшаш янгиликлар