
“BBC Sport” xabariga ko'ra, bunga APL doirasida "Tottenxem"ga qarshi kechgan uy uchrashuvi (0:2) oldidan sodir bo'lgan voqea sabab bo'lgan. O'sha bahsni hujumchi Joao Pedro sonining to'rt boshli mushagi jarohati tufayli kutilmaganda o'tkazib yuborgandi.
Fentezi-futbolda ishtirokchilar haqiqiy o'yinchilardan iborat virtual jamoalarni tuzishadi va futbolchilarning real o'yinlardagi harakatlariga qarab ochko olishadi. Har bir tur oldidan foydalanuvchilar tarkibni o'zgartirishi, jumladan, jarohat olgan o'yinchilarni chiqarib tashlashi mumkin.
Bir nechta taniqli blogerlar futbolchi Morgan Rodjers hamda "Chelsi"ning qator xodimlari uchrashuv boshlanishidan oldinoq Pedroni o'zlarining virtual jamoalaridan chiqarib yuborishganiga doir dalillarga ega ekanliklarini bildirishdi. Vaholanki, klub hujumchining jarohati haqida rasman xabar bermagan edi.
Ushbu hodisadan so'ng "Chelsi" rahbariyati xodimlarga xat yo'llab, fentezi-futbol va boshqa ommaviy o'yin platformalarida insayderlik ma'lumotlaridan foydalanishning ehtimoliy oqibatlarini eslatdi.
"Chelsi" bosh murabbiyi Xabi Alonso "Tottenxem"dan uchralgan mag'lubiyatdan keyin bu vaziyatdan bexabar bo'lganini ta'kidladi:
"Men fentezi-futbolga qiziqmayman, shu sababli bundan xabarim bo'lmagan".
Klubda ushbu holat yakka tartibdagi istisno deb hisoblanmoqda va hozircha xodimlar uchun qo'shimcha cheklovlar joriy etish rejalashtirilmayapti.