
Manbaning xabar berishicha, Janubiy Amerika vakillari Qatarda o'tkaziladigan U-17 jahon chempionatiga tayyorgarlik doirasida O'zbekistonga tashrif buyurgan.
Ekvador o'smirlar terma jamoasi 6–14 noyabr kunlari mamlakatimizda o'quv-mashg'ulot yig'ini o'tkazadi. Yig'in doirasida 9 va 12 noyabr kunlari O'zbekiston U-17 terma jamoasiga qarshi ikkita o'rtoqlik uchrashuvi rejalashtirilgan.
Mazkur bahslar Ekvador terma jamoasi uchun jahon chempionati oldidan so'nggi tayyorgarlik bosqichi vazifasini o'taydi.
Ekvador U-17 terma jamoasi bosh murabbiyi Gonsalo Ferrea O'zbekistondagi yig'in uchun 20 nafar futbolchini jalb qilgan. Ular orasida Ispaniyaning “Barselona” klubi tizimida faoliyat yuritayotgan Adrian Kuadrado ham bor.
Ma'lumot uchun, 17 yoshgacha bo'lgan futbolchilar o'rtasidagi jahon chempionati 19 noyabrdan 13 dekabrga qadar Qatarda bo'lib o'tadi. Musobaqada 48 ta terma jamoa ishtirok etadi.
Ekvador terma jamoasi B guruhida Yangi Kaledoniya, Uganda va Janubiy Koreyaga qarshi bahs olib boradi. Jamoa 19 noyabr kuni Yangi Kaledoniyaga qarshi dastlabki uchrashuvini o'tkazadi.
O'zbekiston U-17 terma jamoasi ham mazkur jahon chempionati ishtirokchilari qatoridan joy olgan.