Emilian Karas: "Joao Feliks va boshqa ijrochilarga ko'p erkinlik berib qo'ydik"

  • Mr.NoBoDy 03.11.2026 00:48
  • 2590
  • 30

OCHL Elit 4-turidan o'rin olgan "Paxtakor" - "Al Nassr" (2:6) bahsidan so'ng toshkentliklar ustozi Emilian Karas o'yindan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etdi.

"Natija biz uchun achinarli bo'ldi. O'yindan oldin ham kamroq xatoga yo'l qo'ygan jamoa g'alaba qozonishini aytgandim. Afsuski, o'z o'yinimizdagi qo'pol xatolar shunday oqibatga olib keldi va raqibga ikkita tezkor to'p kiritish imkonini berdi. Shundan so'ng tavakkalga qo'l urib, oldinga intildik va raqibga katta bo'sh maydonlar qoldirdik. Ularning tezkor futbolchilari bu fursatlardan unumli foydalanib, hujumlarni tez rivojlantirdi. Bu turnirda saviya tamomila boshqa: ichki chempionatda bunday xatolar kechirilishi mumkindir, ammo OCHLda "Al Nassr"dek jamoa bizni shafqatsizlarcha jazoladi.

Hujumda etarlicha vaziyatlar yaratdik, ikkita gol urdik. Bizni qo'llab-quvvatlab, oldinga boshlagan muxlislarga minnatdorchilik bildiraman. Biroq himoyadagi jamoaviy o'yinda raqibga taqdim etilgan "sovg'alar" yakuniy natijani belgilab berdi", - deya fikr bildirdi Emilian Karas.

- "Al Nassr" kuchli jamoa, lekin "Paxtakor" ham o'z tarixiga ega klub. 2:6 hisobidagi mag'lubiyatni sharmandalik deb qabul qilasizmi yoki buni hazm qilish mumkinmi?

- Menimcha, bu hisob o'yinga mos bo'lmadi. To'g'ri, oltita to'p o'tkazib yubordik, ammo o'zimiz ham yanada ko'proq gol urishimiz mumkin edi. Bunday kuchli raqibga qarshi ancha tartibli, ixcham o'ynash va bo'sh hudud qoldirmaslik talab etilardi. Biz esa Joau Feliks va boshqa ijrochilarga juda ko'p erkinlik berib qo'ydik. Ular yuqori saviyali futbolchilar, shu bois bunday paytda bir-birini "straxovka" qilish va son jihatdan ustunlik yaratish kerak edi. Endi bahsdan so'ng turlicha gapirish mumkin. Bu biz uchun muvaffaqiyatsiz o'yin va omadsiz tajriba bo'ldi, oldinga harakat qilishda davom etamiz.

- Umuman olganda, "Paxtakor"ning bugungi rejasi raqibdan kelib chiqib himoyaviy o'yin ko'rsatishmidi yoki o'z maydonida hujumkor futbol namoyish etishmi? Aynan qaysi rejalar amalga oshmay qoldi?

- Albatta, o'yin uchun rejamiz bunday ko'rinishda emasdi. Maydonga g'alaba uchun, ochiq va tajovuzkor futbol namoyish etish, muxlislar ko'z o'ngida pressing qo'llash niyatida chiqqandik. Buning uchun katta zonalarni ochishga to'g'ri keladi, ammo raqib xatolarimizdan unumli foydalandi. 1-2 daqiqalik intervalda o'tkazib yuborilgan ikkita tezkor to'p barcha rejalarimizni chippakka chiqardi. 0:2 hisobidan so'ng yanada ochilishga majbur bo'lasiz, bu esa psixologik jihatdan juda og'ir zarba. Agar bitta gol o'tkazganimizda ham, vaziyatni nazorat qilgan holda reja bo'yicha davom etish mumkin bo'lardi. Ammo ikkinchi to'p barchasini o'zgartirib yubordi.

- Ayman Husaynning o'yiniga qanday baho berasiz? Uning ko'rsatgan o'yini adaptaciya bilan bog'liqmi yoki boshqa sabab bormi?

- Hisobdan kelib chiqib harakat qilishga to'g'ri keldi. Bunday paytda ko'proq pressing qiladigan futbolchi kerak edi. Ayman esa ko'proq jarima maydoni ichida to'p qabul qiladigan va uzatmalarni kutadigan hujumchi. Tinimsiz pressing va yugurish talab qilingan bunday vaziyatda unga oson bo'lmadi, biroq u o'z vazifasini bajarishga, to'p uchun kurashishga harakat qildi. Keyingi bahslarda uning holatini yana ko'rib chiqamiz. Hozir kimnidir ayblash qiyin: xatolar sonini kamaytirganimizda, umuman boshqacha natija bo'lardi.

emiliano karas ichiga.jpeg

Ўхшаш янгиликлар